Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib oʻtilishiga doir holat fosh qilindi.

Xususan, “Qoraqalpogʻiston” temir yoʻl stansiyasida “Nukus-Beyneoʻ” yoʻnalishida harakatlanayotgan yoʻlovchi poyezdida respublikamizdan chiqib ketayotgan fuqaro M.O.ga tegishli sumka bojxona nazoratidan oʻtkazilganida, yuklar orasida bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovida va yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida maʼlum qilinmagan 6100 AQSH dollari yashirilganligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, jismoniy shaxslarga 5 000 AQSH dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda naqd xorijiy valyutani yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatgan holda erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

Chet el fuqarolari esa Oʻzbekiston Respublikasiga kirish chogʻida olib kirgan miqdordagi naqd xorijiy valyutani erkin olib chiqib ketishlari mumkin.

Belgilangan summadan ortiqcha naqd xorijiy valyutani olib chiqib ketish uchun Markaziy bankning hududiy boshqarmalari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar talab etiladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi
bojxona boshqarmasi
Axborot xizmati

 

OʻzA