Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar Davlat vaziri Nils Annen bilan uchrashdi.

Tashqi ishlar vazirligining axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, uchrashuvda ikki tomon kun tartibidagi muhim masalalar, turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.

Uchrashuvda ikki davlat hukumatlari, idoralari, parlamentlari oʻrtasidagi boʻlajak aloqalar, boshqa qoʻshma tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Shu oʻrinda taʼkidlanganidek, Toshkent shahrida 19-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan “Oʻzbekistonning mintaqaviy tashabbuslari va Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashda Germaniya oʻrni” mavzusidagi davra suhbatida Tashqi ishlar Davlat vaziri boshchiligidagi Germaniya nufuzli delegatsiyasining ishtirok etishi koʻp qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashdan ikki davlat ham manfaatdorligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shuningdek, muzokaralarda joriy yilning noyabr oyiga belgilangan Oʻzbekiston va Germaniya tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasidagi siyosiy maslahatlashuvlarga tayyorgarlik jarayoni ham koʻrib chiqildi.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA