“Nobel Pharmsanoat” necha xil dorini mahalliy xomashyodan tayyorlamoqda?

Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Nobel Pharmsanoat” farmatsevtika korxonasi hamkorligida matbuot anjumani tashkil etildi.
Oʻzbekiston farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori oʻrinbosari A.Temirov va boshqalar mamlakatimizda farmatsevtika sohasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bunda davlatimiz rahbarining joriy yil 14 fevraldagi “Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
“Nobel Pharmsanoat” xorijiy korxonasi 2002 yilda “Ulkar Holding” kompaniyasi ishtirokida tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda Oʻzbekiston farmatsevtika sohasida 100 foiz chet el sarmoyasi asosida faoliyat koʻrsatayotir. Korxona yiliga 5,5 million quti mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ayni paytda bu yerda xalqaro GMP standartiga mos 60 nomda dori-darmon mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Korxonada 355 nafar yuqori malakali xodimning bandligi taʼminlangan.
Tadbirda mamlakat farmatsevtika tarmogʻining rivojlanishida chet el investitsiyalarining hissasi, xususan, “Nobel Ilac” kompaniyasi tomonidan “Nobel Pharmsanoat” korxonasi texnologik jarayonlarini modernizatsiya qilishga yoʻnaltirilgan investitsiyasi doirasida yangi va zamonaviy ishlab chiqarish hamda laboratoriya uskunalari keltirilgani yuksak samaralar berayotgani haqida soʻz yuritildi.
Korxonaning ishlab chiqargan mahsulotlari Turkiya, Qozogʻiston, Gruziya va Afgʻonistonga eksport qilinmoqda. Bugungacha korxona eksportining hajmi 2 million 600 ming dollardan oshdi.
Anjuman doirasida jurnalistlar “Nobel Pharmsanoat” farmatsevtika korxonasiga uyushtirilgan media-turda ishtirok etdi.
“Nobel Pharmsanoat” farmatsevtika korxonasi bosh direktori Kurshat Jenk Chetin jurnalistlarni ishlab chiqarish fabrikasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.
Uning aytishicha, fabrikaning 2017 yilda boshlangan qurilish ishlari, joriy yilda nihoyasiga yetkazilgan. Farmatsevtika korxonasi zamon talablariga mos, soʻnggi turdagi asbob-uskunalar, ishlab chiqarish texnikalari bilan jihozlangan. Fabrikaning ishlab chiqarish faoliyati boshlanishi bilan birga binoning yon tarafida yana bir Penitsilin ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi.
Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan barcha mahsulotlar yetakchi davolash muassasalarida sinovdan oʻtkazilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli sertifikat va litsenziyalariga ega. Bu yerda ayni paytda mahalliylashtirish ishlariga alohida eʼtibor berilmoqda.
– Besh turdagi mahsulotimiz toʻliq mahalliy xomashyodan tayyorlanmoqda, – dedi Kurshat Jenk Chetin. – Endilikda chet el xomashyosini kamaytirib, mahalliy xomashyolardan dori vositalari tayyorlashni rejalashtiryapmiz. Yangi tashkil etilgan “Tadqiqotlar va izlanishlar” – “Research and Development” boʻlimidagi yuqori malakali mutaxassislarimiz yangi dori-darmonlarni ishlab chiqarishni joriy qilish ustida izlanishlar olib bormoqda.
Media-turda shuningdek, “Nikotinabs”, “Albezol”, “Tales”, “Urufor” kabi bir necha turdagi dori vositalari va ularning ijobiy taʼsiri haqida batafsil maʼlumot berildi. Masalan, “Nikotinabs” tabletkasi sigaret, nos, chilim kabi inson hayotiga salbiy taʼsir qiluvchi vositalardan qutilishda koʻmakchi vazifasini oʻtaydi. Bu tabletkani doimiy qabul qilish natijasida 25 kunda chekishdan xalos boʻlish mumkin ekan.

 

Davron Sunnatov, OʻzA