PEFA uchun baholashdagi yuqori koʻrsatkichlar tajriba vazifasini oʻtaydi

“Poytaxt” biznes markazida mamlakatimiz va xorijning moliyaviy tashkilotlari vakillari ishtirokida boʻlib oʻtayotgan seminar-treningda davlat moliyalarining shaffofligini taʼminlash, xususan, byudjet tasnifi, byudjet hujjatlari, markaziy hokimiyatning moliyaviy xarajatlaridan tashqari faoliyati, mahalliy hokimiyat organlariga oʻtkazmalar kabi masalalarda PEFA baholash tuzilmasi tahlil etilmoqda.
– Seminarda koʻrilayotgan masalalar davlatimiz rahbarining 2018 yil 22 avgustdagi “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga qaratilgani bilan muhim, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Odiljon Iminov. – Bugungi iqtisodiy jarayon va oʻzgarishlar shuni talab etmoqda. Xalqaro baholashda PEFA davlat moliyasini boshqarishda oʻz tartiblari boʻyicha koʻrib chiqadi. 2012 yilda PEFA tomonidan davlat moliyasini boshqarishning samaradorligini baholash oʻtkazilgan. Bu safar tashkilot 2016 yil oʻzgartirilgan va toʻldirilgan talablari asosida baholashadi.
Delegatsiya joriy yilning 5 oktyabriga qadar yurtimizda boʻlib, bu borada yakuniyda xulosasini beradi. Agar jarayonda qaysidir parametrlari boʻyicha kamchiliklar boʻlsa, unda amaliy maslahatlar beriladi. Yutuqlar esa PEFA uchun keyingi ishlarida muhim tajriba vazifasini oʻtaydi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA