Yevroparlament vakillari Samarqandga keldi

Samarqand viloyati hokimligida 20 sentyabr kuni Kristian Dan Preda boshchiligidagi Yevropa parlamenti Tashqi ishlar qoʻmitasi delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari O.Boboyev mehmonlarga viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayoti haqida soʻzlab berdi. Harakatlar strategiyasi asosida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonlari va uning samaralari muloqotning bosh mavzusi boʻldi.
Keyingi ikki yilda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining takomillashtirgani hamda bu borada jamoatchilik nazoratiga eʼtiborning oshgani alohida qayd etildi. Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimidagi yangiliklar, aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishdagi qulaylik va imtiyozlar, jamiyat hayotida nodavlat notijorat tashkilotlarining oʻrni va roli oshib borayotganini Yevropa parlament vakillari ijobiy oʻzgarishlar sifatida qayd etdi.
– Oʻzbekistonga tashrifimizdan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatdagi islohotlar jarayonlari bilan tanishish hamda bu borada oʻzaro fikr almashishdan iborat edi – deydi Kristian Dan Preda. – Kecha Toshkentda va bugun Samarqanddagi bir qator uchrashuvlarimiz davomida yurtingizdagi yangilanish va oʻzgarishlar toʻgʻrisida keng tushunchaga ega boʻldik. Samarqand shahriga sayohat esa bu tarixiy va goʻzal shahar goʻzalligidan bahramand boʻlish uchun qulay imkoniyat boʻldi. Buning uchun mezbonlardan minnatdormiz.
Mehmonlar Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasi, Registon majmuasi va boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklar bilan yaqindan tanishdi.

 

Gʻ.Hasanov, OʻzA