Transport boʻyicha xalqaro konferensiya tafsilotlarini 50 dan ortiq OAV vakillari yoritib bormoqda

Poytaxtimizda “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya davom etmoqda.
Xalqaro konferensiya hamda uning doirasida boʻlib oʻtadigan shoʻʼba yigʻilishlari haqidagi tafsilotlarni tezkorlik bilan yoritib borish uchun matbuot markazi tashkil etilgan. Markazda zamonaviy kompyuter, yuqori tezlikka ega internet, Wi-Fi tarmogʻi va boshqa barcha qulayliklar yaratilgan. OAV vakillari xalqaro konferensiya tafsilotlarini shu yerning oʻzidan turib toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn uzatmoqda.
Ayni paytda konferensiya tafsilotlarini 50 dan ortiq (20 dan ortiq xorijiy, 30 dan ortiq mahalliy) OAV vakillari, xususan, Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasining Markaziy Osiyo byurosi (VGTRK) sharhlovchisi Robert Fransev, shuningdek, Yaponiya, Afgʻoniston, Buyuk Britaniya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Eron va boshqa chet davlatlar ommaviy axborot vositalari vakillari yoritib bormoqda.

 

D.Sunnatov, OʻzA