Oʻtin yoqib, gazga pul toʻlasang, alam qilarkan...

Nukus tumani “Baxanshaqli” ovul fuqarolar yigʻinida yashovchi Gulshat Qonisbayeva xonadonida oxirgi paytlarda gaz bosimi keskin darajada pasayib ketgandi. Shu bois u oʻchoqqa oʻtin qalab, choy qaynatishdan va ovqat pishirishdan oʻzga iloj topolmadi. Ana shunday bir paytda tuman gaz taʼminoti nazoratchisining xurmacha qiligʻi oʻlganning ustiga tepganday boʻldi. Chunki, u vaziyatni xolisona baholash, gaz bosimini oshirishda xonadon egalariga koʻmaklashish oʻrniga ularni gaz hisoblagichni gʻaraz maqsadda ishdan chiqarganlikda aybladi. Oʻzining nimalarga qodirligini koʻrsatib qoʻyish uchun hisoblagichni Davlat standart qiyoslovidan oʻtkazishga yuborish, isteʼmolchidan esa normativ boʻyicha 162 ming 353 soʻm miqdorida qarz undirish xususida dalolatnoma toʻldirdi.
Tabiiyki, Gulshat Qonisbayeva bu nohaqlikka chiday olmadi. Bor gapni qogʻozga tushirib, tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Shu asosda olib borilgan oʻrganishlar jarayonida uning uyidagi gaz quvurida bosim deyarli yoʻqligi, hisoblagich esa maromida ishlashi, oila aʼzolari oʻtin yoqib kun kechirishayotgani tasdiqlandi. Arizachining daʼvolari oʻrinli deb topilib, nazoratchi tuzgan dalolatnoma bekor qilindi.

 

OʻzA