Toʻlov-kontrakt oshirildi, eʼtirozlar boʻldi, ammo oʻzgarish boʻlmadi

Maʼlumotlarga qaraganda bugungi kunda bir nafar talabani oʻqitishning oʻrtacha xarajati 10,5 million soʻmni tashkil etayotgan ekan. Toʻlov-kontrakt miqdori oʻrtacha 8,7 million soʻm etib belgilanmoqda.
Endilikda bakalavrlar uchun eng kam kontrakt toʻlovi 8 milliondan, eng qimmati 11 milliondan ortiqni tashkil etmoqda. Magistrlar uchun esa 9 million soʻmdan boshlanib, 12 million soʻmdan yuqori.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2018 yilning 1 sentyabridan oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati miqdorlarining oshganligi sababli talabalar va ota-onalarga quyidagi maʼlumotlarni yetkazdi:
Oliy taʼlim muassasalarida oʻqitish xarajatlarining asosiy qismini, yaʼni 91 foizini ish haqi va stipendiya toʻlovlari tashkil etishi inobatga olinib, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati respublikadagi eng kam ish haqi miqdoriga bogʻlandi va unga nisbatan karra barobarida belgilandi.
Amaldagi toʻlov-kontrakt qiymatlari 2016/2017 oʻquv yili uchun belgilangan boʻlib, 2017/2018 oʻquv yilida ushbu qiymatlar oʻzgarishsiz qoldirildi.
2018 yil 1 sentyabrdan amaldagi toʻlov-kontrakt qiymatlari miqdorlari oʻrtacha 18,5 foizga yoki taʼlim yoʻnalishlariga qarab 12,3 foizdan 24,7 foizgacha oshirildi.
Yuqoridagilarga asosan yangi oʻquv yilida toʻlov-kontrakt qiymati miqdorini indeksatsiya qilishda, asosiy omil sifatida, oʻtgan oʻquv yillarida stipendiya va ish haqi miqdorlarining 2016 yil 1 oktyabrdan 15 foizga, 2017 yil 1 dekabrdan 15 foizga oshganligi, lekin toʻlov-kontrakt miqdorlarining oshirilmaganligi ham inobatga olindi.
Shu bilan birga, toʻlov-kontrakt miqdorini oʻrtacha 18,5 foizga oshirishda 2018 yil 15 iyuldan respublikada ish haqi va stipendiya miqdorlarining 7 foizga, 2018 yil 1 sentyabrdan oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari oylik maoshining oʻrtacha 25 foizga oshirilganligini qisman qoplash lozimligi, aks holda, yangi oʻquv yilining yakuniga kelib oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha tegishli xarajatlar uchun mablagʻlar yetishmovchiligi kelib chiqishi ham hisobga olindi.
Alohida taʼkidlash lozimki, talabalarga, ularning davlat granti yoki toʻlov-kontrakt shakli asosida oʻqishidan qatʼiy nazar, bir oyda stipendiya toʻlab boriladi. Hozirgi vaqtda stipendiyaning oʻrtacha oylik miqdori 466 ming soʻmni yoki yiliga 5,6 million soʻmni tashkil etadi va u oʻqitish miqdorida toʻliq kiritiladi. Bunda toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatining 45-80 foizini stipendiya tashkil etadi. (Talaba aʼlo baholarga oʻzlashtirsa, jami 7,5 million soʻm stipendiya oladi) Talabaga oʻzi tomonidan oʻqish uchun toʻlangan mablagʻning taxminan yarmi yoki undan koʻpi oʻquv yili davomida oylik stipendiya koʻrinishida qaytariladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi keltirgan ushbu izoh ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamalarga sabab boʻldi.
Muhayyo Nabiyeva: taʼlim tizimi pullik boʻlarkan rivojlanishda toʻsiqlar koʻpayaveradi. Toʻgʻri, bizning yurtimizda boylar koʻp, lekin oddiy xalq, ularning farzandlari, moddiy jihatdan oʻqish kontraktini koʻtarolmaydigan odamlar nima qilsin…
Gulnoz Xodjayeva: birinchidan, oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik ahvoli achinarli ahvolda. Ikkinchidan, stipendiya olib oʻqiyotgan talabalar bilan birga stipendiya olmasdan oʻqiyotganlar ham bor. Bular maxsus sirtqi, kunduzgi sirtqi va 2-mutaxassislik talabalari. Ularning ham kontraktlari 33 foizgacha oshirildi. Bu yil oʻtgan yilgiga qaraganda qabul kvotalari soni har bir oliy taʼlimga kamida 750 dan etib belgilandi. Bular ham kontrakt asosida oʻqiydi. Kechirasiz-u, shuncha pulni oliy taʼlimning oʻziga sarflasa…
Uchinchidan oliy taʼlimda hali ham poraxoʻrlik, sifatsiz taʼlim, eskicha qogʻozbozlik, konspekt va hokazolar davom etib yotibdi. Nima uchun biz shuncha kontrakt toʻlashimiz kerak? Men oliy taʼlimdagi oʻqituvchilardan sifatli taʼlim berishini talab qilganimda, beparvogina “Repititorga bor”, dedi. Men oʻzimni sifatli taʼlim olmayapman, deb hisoblayman.
Avvalo, pedagogning oʻz kasbini suiisteʼmol qilishga, taʼlim jarayoniga eʼtiborsizlik bilan yondashishga haqqi yoʻq. Qolaversa, chuqurroq bilim berish oʻrniga talabaga repititorga borishni taklif qilishi, bu oʻzining savodsizligini tan olish bilan barobar emasmi? Shunday pedagoglar taʼlim tizimida ishlashga munosibmi? Mehnat qilib farzandini ziyoli qilishga urinayotgan xalqimizga nisbatan xiyonat emasmi bu? Tekinga oylik olish hisoblanmaydimi?
Bundan tashqari, super-kontrakt masalasi ham bor. Yigit yoki qiz oʻqishni juda xohlaydi, ammo ota-onaning qoʻli kalta. Shuncha pulni qayerdan oladi. Bilimi bor, bir kasbni egallasa kelajakda jamiyatga nafi tegadigan mutaxassis boʻlishi mumkin. Lekin shu yilda omadi chopmadi, yaʼni past ball bilan super-kontrakt asosida oʻqish imkoni bor. Ammo u pulni qayerdan olsin?
Bu uning orzulari sinishi, kelajakka boʻlgan ishonchini oʻldirmaydimi? Kelgusi yilni kutsinmi? Raqobat bundanda koʻproq boʻladi-ku. Qolaversa, imtiyoz, turli imkoniyati borlar grantni egallasa yana kontraktga tushib turibdi-da.
Yurtimizda oʻz oilaviy iqtisodini tiklab olganlar koʻpchilikni tashkil etayotgani haqiqat. Ammo hammada ham bunday imkoniyat yoʻq. Imkoniyati yetganlar maktabgacha taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablari, kollej yoki litseyda oʻqiyotgan farzandlarini repititorga beradi. Chunki oʻz kasbini suiisteʼmol qilib, chuqur taʼlim berish oʻrniga moddiy manfaat uchun oʻquvchilarni qoʻshimcha darsga borishga majbur etayotgan pedagoglar ham bor.
– Algebra fani menga yoqadi, – deydi 10-sinf oʻquvchisi Mehrangiz Usmonova. – Lekin oʻzlashtirishimiz qiyin. Bu faqat menga emas, boshqa sinfdoshlarimga ham tegishli. Oʻqituvchimizga aytsak, yaxshi baho olishni istasalaring qoʻshimcha darslarimga qatnashinglar, deydi. Darslarning bir kuni 15 ming soʻmdan.
Fanga qiziqqan, ammo qoʻshimcha darslarga bora olmayotgan oʻgʻil-qizlarimiz oliy taʼlim maskanlariga oʻqishga borganida ham muammolarga duch kelishi aniq. Bu kabi muammolar bugun faqat oliy taʼlim bilan bogʻliq emasligini koʻrsatmoqda. Uning tub ildizi yana birlamchi taʼlim maskanlari bilan bogʻliq. Shunday ekan kontrakt borasida qaror qabul qilinayotganda shu jihatlar eʼtiborga olinsa yaxshi boʻlardi.
Kontrakt toʻlash uchun talabaga muddat beriladi. Agar shu muddat orasida pulni topa olmasa, oʻqishdan ketadi. Oʻylab koʻring, oʻqiyman, yurtim, xalqim kelajagi uchun mehnat qilaman, degan yigit-qizlarni oʻqishdan haydab yuborish adolatdanmi? Ularni qoʻllab-quvvatlash oʻrniga osongina qaror qabul qilinsa, yaxshi kadrlar masalasi yana muammolar ostida qolmaydimi?
Kontrakt oshganidan soʻng ota-onasining qiynalayotganini koʻrgan yoshlar darsga bormaslik yoʻllarini izlamoqda. Ular turli ishlar qilib pul topish yoʻliga oʻtmoqda.

 

Barno Meliqulova, OʻzA