Aholiga sayyor qabul kerak emasmi?

Yashnobod tumani aholisi uchun Toshkent shahri jinoyat, fuqarolik, maʼmuriy va iqtisodiy sudlari raislari ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.
Unda Yashnobod temir yoʻl kasb-hunar kolleji binosiga yigʻilgan koʻpchilik fuqaro, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Ochiq muloqot tarzida oʻtkazilgan sayyor qabulda sud raislarining hisobotlari, maʼruzalari tinglandi. Biroq bir soat davom etgan sayyor qabul yakunida “Kimda qanday savol, murojaat bor?” deyilganida bor yoʻgʻi 2 kishi (kollejning katta zali liq toʻla odam) savol bilan murojaat etdi. Hatto sud raislarining “Savol boʻlmasa, kimda qanday takliflar bor?” degan soʻrogʻi ham ochiq qoldi.
Aholida sudlar bilan bogʻliq muammo qolmadimi yoki sayyor qabulga shikoyati bor fuqarolar kelmaganmi? Yoki sayyor qabuldan aholi bexabarmi? Ammo ochiq muloqotda aytilganidek, bugungi kunda aholining sudlarga murojaati kamaymagan, aksincha ortib bormoqda. Bu kabi savollarimizga sayyor qabulda ishtirok etgan Fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi raisi Oʻtkir Xolov javob berdi:
– Bu kabi tadbirlar poytaxtimizning barcha tumanlarida oʻtkazildi. Hozirgi sayyor qabul ikkinchi bor tashkil etilayotir. Aholiga sud faoliyati haqida maʼlumot yetkazish koʻlami kengaydi. Bu holat esa aholining yanada faollashuviga xizmat qiladi. Qancha murojaat ortsa, fuqaro huquqini yaxshi oʻzlashtirayotganini anglatmaydimi? Savollarning kam yo koʻpligi jiddiy xavotirga asos boʻlolmaydi. Biz fuqarolarning uzluksiz qabul jarayonini yoʻlga qoʻyganmiz. Shuni ham unutmaslik kerak. Bora-bora yigʻilishlar mavzusi oʻzgaradi. Keyinchalik faqat qonunlar targʻiboti bilan shugʻullanamiz.

 

I.Ahatova, OʻzA