Oʻzbekiston fransuzlarni azaldan qiziqtirgan

Fransiya Yevropada joylashgan uzoq tarixga ega mamlakat hisoblanadi. Jahonning rivojlangan mamlakatlari orasida Fransiya iqtisodiyoti, rivojlangan ilm-fani, yalpi milliy mahsulot ishlab chiqarish, eng muhimi, intellektual boyliklarni qadrlashi bilan ajralib turadi.
photo5444892215265569208.jpg
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, Fransiya birinchilardan boʻlib mamlakatimiz mustaqilligini tan oldi. Uzoq yillardan buyon esa Oʻzbekiston va Fransiya aloqalari yuqori bosqichda taraqqiy etmoqda. Ayni paytda Toshkent shahrida “Toshkent Fransuz Alyansi” tashkiloti faoliyat koʻrsatayotir.
photo5444892215265569211.jpg
Muxbirimiz ushbu tashkilot rahbari Dilshod Ahmedov bilan suhbatlashdi.
– Avvalo ushbu tashkilotning faoliyat jarayoni bilan kengroq tanishtirsangiz.
– Birinchi “Allians fransez” 1883 yilda Parij shahrida buyuk mutafakkir va davlat arboblari Ferdinand de Losset, Lui Paster, Ernest Renan, Jyul Vern va boshqa fransuz tili va madaniyatini targʻib qiluvchi buyuk siymolar tomonidan tashkil etilgan.
Bugungi kunda 146 ta davlatda 800 dan ortiq “Allians fransez” tashkilotlari mavjud. Ayni paytda fransuz tilini turli millatga mansub kishilar oʻrganmoqda. Markazning asosiy faoliyati fransuz tilini oʻrgatish hamda fransuz madaniyati bilan tanishtirishdan iborat. “Toshkent Fransuz Alyansi” (sobiq fransuz instituti) nodavlat notijorat muassasa hisoblanadi va belgilangan nizomga tayanib ish olib boradi.
U Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan rasman roʻyxatdan oʻtgan. 2015 yilning 7 noyabr kuni Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida imzolangan kelishuvga binoan Toshkent shahrida “Toshkent Fransuz Alyansi”ga asos solingan. Uning asosiy maqsadi madaniy, maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish, ilm-fan texnika sohalarida ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Har yili bu yerda mingdan ortiq talabalar fransuz tilini oʻrganish boʻyicha tahsil oladi.
Markazimizda 8 mingdan ortiq adabiyotlarga ega axborot markazi mavjud, shuningdek, bu yerda turli konferensiyalar, kollokvium, treninglar, malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Oʻquv muassasalarida fransuz tilidagi qoʻllanmalarni ishlab chiqishda markazimiz xodimlari doimiy koʻmak beradi.
– Hozirda dunyo miqyosida fransuz tilini oʻrganuvchi va ushbu mamlakat madaniyatiga qiziquvchilar uchun “Frankofoniya” tashkiloti koʻmak bermoqda. Shu haqda ham qisqacha toʻxtalib oʻtsangiz.
– “Frankofoniya” fransuz tili va turli mamlakatlarning hamkorligini mustahkamlovchi xalqaro tashkilot boʻlib, u dunyoning turli davlatlaridan tashkil topgan 58 aʼzo va 26 kuzatuvchidan iborat. Asosiy maqsadi, fransuz tilini targʻib qilish hamda Fransiya bilan madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. U 1970 yilda tashkil etilgan. Asosiy shiori esa “Tenglik, oʻzaro bir-biri bilan hamkorlik va hurlik”ga qaratilgan. Birinchi marta “frankofoniya” atamasi 1880 yilda fransuz geologi Arazim Reklin tomonidan kiritilgan boʻlib, keyinchalik u umumtermin sifatida aytila boshlandi. Hozirda dunyoning koʻplab mamlakatlarida fransuz tilini oʻrganish, Fransiya madaniyatiga qiziqish katta.
– Siz mazkur tashkilot rahbari sifatida Fransiyaning koʻplab shaharlarida boʻlgansiz. Fransuzlarning hayotini koʻrgansiz. Umuman, hozirgi Fransiya, ularning Oʻzbekistonga qiziqishi qanday?
– Fransiyaning juda koʻplab shaharlarida xizmat safarida boʻldim. Shu oyning boshida Fransiyaning Vishi shahridagi Kavilam fransuz alyansida til markazini boshqarish kursida qatnashdim. Shuningdek, “Allians fransez” bosh direktori janob Mishel Buaron va xalqaro aloqalar assotsiatsiyasi direktori janob Oliviye Ortiz bilan tashkilotimizning kelgusi rejalari toʻgʻrisida uchrashuv oʻtkazdik.
Unda oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, tinglovchilarning lingvistik amaliyot borasidagi izlanishlarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan kelishib oldik. Umuman, fransiyaliklar uchun qadim oʻzbek davlatchiligi, temuriylar tarixi, u davrda taraqqiy etgan ilm-fan, madaniyat, sanʼat, adabiyot ular uchun juda qiziqarli va muqaddas. Buni Parij shahridagi Temuriylar assotsiatsiyasi misolida ham aytish mumkin. Juda koʻp fransuz tarixchilari Oʻzbekistonga mehr-muhabbat bilan qaraydi.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab Fransiya Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatladi. Hozirda Oʻzbekiston jamoatchiligi fransuz tili va madaniyatini oʻrganishga shunchalik qiziqish bilan qarashsa, fransuzlar ham oʻz navbatida Oʻzbekistonga ehtirom bilan qarashadi. Shu boisdan “Toshkent Fransuz Alyansi” tashkiloti kelgusida ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy, maʼrifiy yoʻnalishdagi hamkorlik ishlarini yuqori pogʻonaga koʻtarish uchun doimiy izlanishda. Prezidentimizning Fransiyaga rasmiy tashrifi esa bu boradagi ishlarni yuqori bosqichga koʻtarishda muhim qadamdir. Kelgusida Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlanaversin.
Oʻljaboy Qarshiyev suhbatlashdi.

 

O’zA