Qurilish materiallari sanoati: oʻzaro hamkorlikning amaliy natijalari

“Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining mahalliy davlat hokimliklari bilan hamkorligi amaliy natijalar bermoqda.

Joriy yilning oʻtgan davrida Namangan viloyatida ishga tushirilgan yangi quvvatlar ana shunday hamjihatliklar samarasi boʻlib, ularda 140 nafarga yaqin fuqaro muqim ish bilan taʼminlandi.

Bugungi kunda Namangan shahrida “Bunyodkor-3” masʼuliyati cheklangan jamiyatida oʻrnatilgan uskunalar sabab yiliga 120 ming kub metr temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan boʻlsa, “Alisher kamera servis” xususiy korxonasida esa yiliga 100 ming dona shifer ishlab chiqarish loyihasi amaliyotga tatbiq etildi. Har ikki korxonada ayni chogʻda 60 ta yangi ish oʻrni vujudga keldi.

Namangan shahridagi “Muhammadqodir sanoat servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyatiga toʻxtaladigan boʻlsak, bu yerda yiliga 1,2 ming kvadrat metr MDF eshik va romlar ishlab chiqarila boshladi. 3 milliard soʻm boʻlgan loyiha qiymatining qariyb 2 milliard soʻmi tashabbuskor mablagʻiga toʻgʻri keldi. Loyihaning 1,5 milliard soʻmi tijorat banki tomonidan ajratilgan kredit mablagʻidir. Loyiha oʻnta yangi ish oʻrnini ochdi.

qurilish.jpg

– Namangan, Kosonsoy, Toʻraqoʻrgʻon va Uychi tumanlarida ish boshlagan yangi quvvatlar aholi ehtiyojini qondirmoqda, – dedi “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining tashkiliy tuzilmasidagi “OʻzqurilishmateriallariLITI” masʼuliyati cheklangan jamiyatining Namangan viloyati boʻyicha qurilish materiallari sohasiga doir investitsiya loyihalari yigʻma axborot-tahlil boʻlimi mutaxassisi Farhod Madrahimov. – 15 ish oʻrni yaratilgan Namangan tumanidagi “Sherbuloq adirlari” xususiy korxonasida yiliga 100 ming dona shifer ishlab chiqariladi. Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Oqtosh temir-beton maxsulotlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati esa yiliga 185 ming kub metr temir-beton mahsulotlari tayyorlab beradi. Katta hajmdagi beton plitalar, quvurlar, lotok, yoʻl va yoʻlak bardyurlari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasi uchun tashabbuskorning 8 milliard soʻm mablagʻi sarflandi. Bu yerda 30 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Shu bilan birga, Kosonsoy tumanidagi “Abdulnosir Abdulaziz savdo servis” va Uychi tumanidagi “Adhamjon savdo baraka” xususiy korxonasi masʼuliyati cheklangan jamiyatlari faoliyatida yangi quvvatlar yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Masalan, “Abdulnosir Abdulaziz savdo servis” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan loyiha qiymati 650 million soʻm, shu jumladan, 200 million soʻm tashabbuskorniki, 400 million soʻm xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki kredit mablagʻidir. Bu yerda yiliga 1,2 ming tonna mix va qotirma mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi hamda 10 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. “Adhamjon savdo baraka” xususiy korxonasi yiliga 150 ming dona beton va penobloklar ishlab chiqarish loyihasi tashabbuskorning 400 million soʻm oʻz mablagʻi oʻzlashtirilishi hisobiga ishga tushirilib, 7 ta yangi ish oʻrni tashkil etildi.

sement.jpg

Bundan tashqari, viloyatning noruda qazilma boyliklaridan unumli foydalanishga eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadida 2018-2019 yillarda qurilish mollari ishlab chiqarishni rivojlantirish dasturlari doirasida 4 ta yangi turdagi qurilishi mahsuloti ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilishi va natijada 2019-yil yakunlari bilan 1310 ming tonna sement, 1 ming 700 kvadrat metr keramik plita, 15 ming dona santexnika mahsulotlari, 1,5 million kvadrat metr gipsokarton mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Ayni kunda “Quruvchi kushon”, “Pop sement”, “Namangan sement” va “Jahon yevro servis” korxonalari tomonidan sement ishlab chiqarish, “Float tile” korxonasi tomonidan keramik plita ishlab chiqarish loyihalarida keng koʻlamdagi qurilish ishlari olib borilmoqda.

 

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA