Avtohalokat yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻatildi

2018-yil 18-sentyabr kuni soat 08:30 larda fuqaro V.Qobilov boshqaruvidagi “Vobkent Gulshani” MCHJga qarashli davlat raqami 80 Y120 KA boʻlgan “ISUZI” rusumli avtobus Kogon tumanidagi “Zelich oil” metan gaz quyish shoxobchasidan yoqilgʻi quyib, taxminan 700 metr yoʻl bosganidan soʻng, A-380 avtomobil yoʻli “Kogon-Qorovulbozor” yoʻnalishining 201-kilometrida harakatlanib ketayotganida avtoulovning gaz balloni portlagan.

Oqibatda avtobusdagi 26 yoʻlovchidan 4 nafari hodisa joyida va 1 nafari shifoxonada vafot etgan. 21 nafar yoʻlovchining 5 nafari ogʻir, 7 nafari oʻrta ogʻir hamda 9 nafari yengil ahvolda. 5 nafar ahvoli ogʻir bemor Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga, qolganlari esa Kogon shahar shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga yotqizilib, ularga shifokorlar tomonidan tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.

Hodisa joyiga viloyat hokimi Oʻ.Barnoyev, viloyat prokurori B.Valiyev, viloyat IIB boshligʻi Sh.Aliyev, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻi F.Omonov, Respublika DXX Buxoro viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari A.Asrorov, viloyat IIB YHXB boshligʻi A.Ahmedov, YOXB boshligʻi Sh.Xushnazarov, viloyat IIB huzuridagi TB tergovchilari, viloyat IIB EKB boshligʻi L.Poʻlatov rahbarligidagi ekspertlar, sud-tibbiy eksperti, Respublika IIV YOXBB masʼul xodimlari, Kogon shahri, Kogon, Vobkent va Buxoro tuman hokimlari, prokurorlari, IIB boshliqlari, ushbu tuman-shahar IIBlari hamda Buxoro viloyat IIB tezkor-tergov guruhi aʼzolari yetib kelishdi.

Hodisa roʻy bergan joy videokamera hamda boshqa ilmiy-texnikvositalar qoʻllanilgan holda “Sanoatgeokontexnazorat” Buxoro mintaqaviy inspeksiyasi mutaxassislari ishtirokida koʻzdan kechirildi va uning sxemasi tuzildi, tekshirish uchun ahamiyatga molik boʻlgan ashyolar olindi.

Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 259-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Dastlabki tergov harakatlari viloyat IIB tergov boshqarmasi zimmasiga yuklatildi va viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi.

Dastlabki tergov davomida sudga oid tibbiyot, avtotexnika va yongʻin texnika ekspertizalari tayinlandi.

Shuningdek, “Zelich oil” metan gaz quyish shoxobchasida avtomobillarga yoqilgʻi quyish normalariga rioya qilinishiahvolini oʻrganishga mutaxassislar jalb qilinib, tegishli ishlar olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, Qorovulbozor tumanidagi “Rahmon Ahmad” fermer xoʻjaligi rahbari R.Ahmedov va Vobkent tumani Xayrobodcha qishlogʻida yashovchi G.Roziqova qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb etish uchun tashkil qilingan 25 nafar fuqarodan iborat mavsumiy madad guruhini Vobkent tumanidan Qorovulbozor tumaniga olib borayotgan paytda ushbu hodisa sodir boʻlgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʻiga binoan vafot etganlar oilasiga 10 million soʻmdan, ogʻir tan jarohati olganlarga 5 million soʻmdan va boshqa jarohatlanganlarga 2 million soʻmdan moddiy yordam puli ajratildi.

Marhumlarning janoza marosimlari uchun barcha xarajatlar Vobkent tuman hokimligi tomonidan amalga oshirilmoqda.

 

Erkin Yodgorov, OʻzA