Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi A.Saidov, Qonunchilik palatasi deputati I.Hojiyev Namangan davlat universiteti qoshidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan Ibrat nomidagi maktab-internat oʻquvchilari bilan uchrashdi.

Deputatlar dastlab Isʼhoqxon Toʻra Ibrat memorial majmuasini ziyorat qildi. Majmua tarkibidagi maktab-internat, muassasa qoshidagi tillar markazi faoliyati bilan tanishdi. Maktabda umumtaʼlim fanlari va ingliz, nemis, fransuz, rus, arab, xitoy, koreys tillari filologiyasi chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladi. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Deputatlar bilan maktab-internat pedagogik jamoasi va oʻquvchilari oʻrtasida davlatimiz rahbarining 2018-yil 5-maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni mazmun-mohiyati xususida davra suhbati oʻtkazildi.

– Mamlakatimizda inson huquqlari va manfaatlari oliy qadriyat hisoblanadi, – dedi A.Saidov. – Buning zamirida bizning milliy insonparvarlik mentalitetimiz yotadi. Inson huquqlari, avvalo, Konstitutsiyamizda mustahkamlab qoʻyilgan. Bugun ushbu maktab faoliyati misolida yoshlarning taʼlim olish huquqini taʼminlash uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlarning yorqin ifodasini koʻrib turibmiz.

Tadbirda deputatlar oʻquvchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.

“Yoshlar – kelajak bunyodkorlari” shiori ostida oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar ertangi kun egalarining maʼnaviyatini yuksaltirish, ularda yot gʻoyalar taʼsiriga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, yoshlarni innovatsion gʻoyalar doirasida fikrlashga oʻrgatishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Akramjon Sattorov, OʻzA