Shu yilning 17-20 sentyabr kunlari Qorqalpog’iston Respublikasining Mo’ynoq tumanida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va O’zbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorlikda yoshlar ilmiy ekspeditsiyasi o’tkaziladi. Unda yosh olimlar, gid-ekskursovodlar, fotosuratchilar, blogerlar va jurnalistlar ishtirok etadi. 25 kishidan iborat ekspeditsiya a’zolari 3 kecha-kunduz davomida Orolbo’yi hududida istiqomat qilib, haqiqiy holat bilan yaqindan tanishadi.

Ma’lumki, 2017-2021 yillarga mo’ljallangan Harakatlar strategiyasining “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishning samarali yo’llarini ishlab chiqish, ushbu hududda yuzaga kelgan ekologik muammolarni hal etishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish va amalga oshirish qabi tadbirlar belgilangan.

Mazkur loyiha orqali tadbir tashkilotchilari Orol fojiasining bugungi kundagi holatiga keng jamoatchilik e’tiborini qaratish, biologiya, geologiya, ekologiya yo’nalishlarida ilmiy-tadqiqot olib borayotgan yoshlarni qo’llab-quvvatlash va kasbga bo’lgan qiziqishlarini yanada oshirishga harakat qilmoqdalar. Shuningdek, hududga turistlar oqimini, ayniqsa, yoshlar va ekstremal turizm yo’nalishlarida xorijlik mehmonlarni jalb qilishga xissa qo’shishni rejalashtirganlar.

Ekspeditsiya davomida ishtirokchilar yosh olimlar (ekolog, medik, geolog, biolog), gid-ekskursovodlar, yosh jurnalist va blogerlar guruhlariga bo’lingan holda tegishli vazifalarni amalga oshiradilar. Yakunda har bir guruh tomonidan kelgusida hudud rivoji uchun xizmat qiladigan loyiha yoki mahsulot taqdim etiladi. Misol uchun, gid-ekskursovodlar guruhi mahalliy va xorijiy turistlarga mo’ljallangan yangi yo’nalishlar marshrutini taqdimotini o’tkazadi. Yosh olimlar, jurnalist va blogerlar guruhi esa turli reklama va tarqatma materiallari uchun kontent tayyorlashda 1-guruhga ko’maklashadilar. Har bir guruhga tajribali ekspert hamrohlik qiladi.

Loyiha doirasida, shuningdek, Toshkent shahrida ekspeditsiya natijalariga bag’ishlangan matbuot anjumani o’tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Manba: strategy.uz