Kinoteatrlar monopoliyasiga nuqta qoʻyildi

Oʻzbek kinosida yangi davr boshlanadi
Mamlakatimizdagi mavjud knoprokat tizimida koʻp yillik anʼalarni yoʻqqa chiqargan “olamshumul” bir yangilik sodir boʻldi. Yaʼni, bundan buyon kinostudiyalarning mamlakatimizdagi davlat tasarrufida boʻlgan mavjud kinoteatrlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalari tugatildi.
Prezidentning joriy yil 24-iyuldagi “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 6 apreldagi “Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq “Oʻzbekkino” milliy agentligi tizimda bir qator oʻzgarishlarni amalga oshirmoqda. Ulardan eng asosiysi, Respublika kinoprokat markazi va ularning respublikaning barcha hududlaridagi filiallari tashkil etilishi boʻldi. Ushbu markaz oldiga bir qator masalalar qoʻyilganki, ularning yechimi kinoprokat sohasidagi mavjud muammolarni hal etishda asosiy omil boʻlib xizmat qiladi. Markaz oldida, eng avvalo, ekranlarimizga chiqarilayotgan filmlarning prokatini qayta jonlantirish, kino mahsulotlarini yurtimizning barcha nuqtalariga oʻz vaqtida yetkazib berish, munosib ijod namunalarini jahon kinobozorlariga taqdim etish va ularda faol ishtirok etish kabi boshqa muhim vazifalar turibdi.
“Oʻzbekkino” milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirovning “Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga koʻra, bundan buyon Agentlik tizimidagi barcha kinoteatrlarni milliy va xorijiy filmlar bilan taʼminlash markazlashgan holda Respublika kinoprokat markazi tomonidan amalga oshiriladigan boʻldi. Kinoprokat tizimiga kiruvchi barcha kinoteatrlarda filmlar namoyishini tashkil etish xususiy kino ishlab chiqaruvchilar – studiyalar va distribyuterlar bilan tuziladigan shartnomalar asosida Respublika kinoprokat markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Endilikda Agentlik tizimidagi va boshqa kinoteatrlarda Respublika kinoprokat markazi bilan prokat shartnomalari tuzilmagan va repertuar rejaga kiritilmagan filmlar namoyishini amalga oshirish mumkin emas. Agentlik tizimidagi poytaxtimizda joylashgan Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyga, Samarqanddagi Sharq yulduzi kinoteatriga hamda Fargʻona shahridagi Alisher Navoiy nomli kinoteatrga qarashli boʻlgan barcha kinoafisha stendlari yagona repertuar siyosati yuritilishini taʼminlash uchun operativ boshqaruv asosida Respublika kinoprokat markazi ixtiyoriga oʻtkazib beriladi va ular zamonaviy elektron stendlarga bosqichma-bosqich almashtiriladi. Shu bilan birga, shaffoflikni taʼminlash maqsadida kinoteatrlar optik tolali aloqa liniyasi orqali kinoprokat elektron tarmogʻiga ulanadi va ularda elektron kinochiptalarni yuritish avtomatlashtirilgan tizimi joriy qilinadi.
Oʻzbek kinosining sifati va saviyasi haqida gap ketganda tilga olinadigan asosiy muammolardan biri – filmlarning mavzusidan tortib, janrigacha, davomiyligidan tortib, to unda kimlarningdir buyurtma asosida “tezda mashhurlikka erishish” uchun asosiy rollarni ijro etishiyu, hatto repertuar siyosatini belgilashi shu kunga qadar ayrim kinostudiyalar va monopol kinoteatrlar qoʻlida boʻlganligi sababli kelib chiqqanini nazarda tutadigan boʻlsak, demak, endi oʻzbek kinosida yangi davr boshlanayotganiga ishongimiz keladi.

 

Mohigul Qosimova, OʻzA