Poytaxtimizda fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etiladimi?

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshida fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur qaror Oʻzbekiston va Fransiya davlatlari oʻrtasidagi madaniyat va taʼlim sohalaridagi oʻzaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, fransuz tili boʻyicha chuqur bilimga ega boʻlgan yoshlarni voyaga yetkazishga xizmat qiladi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim hamda Xalq taʼlimi vazirligining 2019/2020-oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti muassisligida “Fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktab” davlat umumtaʼlim maktabini taʼsis etish toʻgʻrisidagi takliflariga asosan, yangi maktab oʻquvchilarini qabul qila boshlaydi.
2019/2020-oʻquv yilida maktabning 7-8-9-10-sinflariga 40 nafardan oʻquvchilar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan fransuz tili va ona tili fanlaridan test sinovlari asosida qabul qilinadi.
Fransiya va boshqa tili oʻrganilayotgan xorijiy mamlakatlardagi maktablar bilan doimiy hamkorlik oʻrnatiladi.
Maktabdagi oʻqish jarayonida yuqori bilim va salohiyatni koʻrsata olgan oʻquvchilar hamda maktabning yetakchi pedagog-oʻqituvchilari uchun xorijiy mamlakatlarda amaliyot oʻtash va malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Maktab bitiruvchilari davlat namunasidagi umumiy oʻrta taʼlim maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatni oladi.

 

B.Meliqulova, OʻzA