Oʻzbekiston va Belarus sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlikni kuchaytiradi

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Belarus Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Valeriy Malashko boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Doʻstona ruhda oʻtgan muloqotda tibbiyot sohacida ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish borasida koʻplab imkoniyatlar mavjudligiga alohida eʼtibor qaratildi.
698ab6b3-75b1-4a8c-9eee-ba01b08ce910.jpg
Jumladan, tibbiyot sohasini modernizatsiya qilish, bu borada investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, tibbiy taʼlim va kadrlar tayyorlash hamda boshqaruv sohasida axborot tizimini rivojlantirish boʻyicha tajriba almashish kabi yoʻnalishlarda faol hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Shunga koʻra, tibbiyot taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari oʻrtasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha taʼlim sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
85173ebd-6187-40cd-9d91-71072a7faf90.jpg
Bundan tashqari, farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish, sanitariya-epidemiologiya, klinik va profilaktik tibbiyot hamda tibbiy radiologiya yoʻnalishida ham fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish kabi sohalarda tajriba almashish koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari tashrif doirasida yurtimizning qator tibbiyot muassasalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishmoqdalar.
***
Xabar qilinganidek, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning yurtimizga rasmiy tashrifi doirasida ikki mamlakat hukumat va vazirliklari oʻrtasida qator ikki tomonlama muhim hujjatlar imzolandi.
Ushbu hujjatlar qatori “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Belarus Respublikasi Davlat sud ekspertizasi qoʻmitasi oʻrtasida idoralararo sud-tibbiy faoliyat sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim” hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Belarus Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻrtasida idoralararo sogʻliqni saqlash va tibbiyot fani sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim” ham imzolandi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Axborot xizmati

 

OʻzA