Muzeyda “interfaol stend“ qurilmasi oʻrnatildi

Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida ishga tushirilgan “Interfaol stend“ sensorli qurilmasi jahon tajribasida hali qoʻllanilmagan edi.
Ushbu qurilma ayniqsa, xorijlik sayyohlar uchun qulaylik tugʻdiradi. Oynavand uskuna ichidagi namoyishga qoʻyilgan buyumlar haqida endilikda gidlarsiz ham maʼlumot olish imkoniyati bor. Qurilma xotirasiga koʻrgazmadagi buyum yoki sanʼat asari haqidagi barcha maʼlumotlar: qaysi asrga oidligi, muallifi, qanday materialdan tayyorlanganligi singari axborotlar oʻzbek, rus, ingliz tillarida joylashtirilgan. Ushbu uskunaning yana bir qulayligi har bir buyumning tayyorlanish jarayoni aks etgan videotasvirlar oʻrnatilganidadir.
– Tajriba tariqasidagi mazkur sensorli qurilma xotirasiga hozircha 15 eksponat – zargarlik buyumlari joylashtirilgan, – deydi muzey boʻlim mudiri Salima Zohidova. – Rossiyaning “Media content“ kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ushbu loyihani kelgusida yanada takomillashtirish hamda sensorlashtirilgan eksponatlar sonini kengaytirishni rejalashtirganmiz.

 

Mohigul Qosimova, OʻzA