Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar mutaxassis eʼtirofida

Avval xabar qilinganidek, Milliy matbuot markazida Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning yurtimizga tashrifiga doir tadbirlarni OAV xodimlari onlayn kuzatib bormoqda.
Unda qatnashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi Bahrom Sotiboldiyevning fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.
– Bugungi kunda ikki mamlakatning hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Bunda eng asosiy masala iqtisodiy munosabatlar hisoblanadi. 2017-2018-yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalar barcha tarmoqlarda rivojlanmoqda. Birgina oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oshgani ham fikrimiz dalilidir. Bu jarayon ayrim sohalarda 220 foizni tashkil etmoqda.
Mamlakatimizga Belarus qanday mahsulotlar yetkazib bermoqda, bu jarayonda Oʻzbekistonning manfaati qanday, degan savollarga kelsak, birinchi galda Belarusdan mashinasozlik, kimyo sanoati, farmatsevtika va oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olyapmiz.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda togʻ-kon sanoatini yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu jarayonda “BelAZ” rusumli yuk avtomashinalarining sohaga rivojida munosib oʻrni bor. Ular oʻzining sifat jihatdan yuqoriligi, tejamkor va arzonligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, Belarus davlatida qishloq xoʻjaligi texnikalari, xususan, traktorlar ishlab chiqarish sanoati ham yaxshi rivojlangan.
Soʻnggi yillarda Belarusda farmatsevtika ham jadal taraqqiy etmoqda. Shu bois oʻzbekistonlik ishbilarmonlar belaruslik hamkasblari bilan qoʻshma korxonalar tashkil etishga alohida qiziqish bildirmoqda.

 

OʻzA