BADIIY GIMNASTIKA: Jahon chempionatida Olimpiya yoʻllanmalari oʻynaladi

Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida oʻtkazilayotgan badiiy gimnastika boʻyicha XXXVI jahon chempionatida uch nafar hamyurtimiz ishtirok etmoqda.
Jahonning oltmishga yaqin mamlakatidan eng kuchli gimnastikachilari ishtirok etayotgan mazkur nufuzli musobaqa nafaqat gʻolib va sovrindorlarni aniqlash, balki Tokio olimpiadasiga birinchi yoʻllanma oʻynalishi jihatidan ham ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu turnirda vatanimiz sharafini yakkalik dasturlarda Sabina Toshkenboyeva, Nuriniso Usmanova hamda Dildora Rahmatovalar himoya qilmoqdalar.
Jahon chempionatida toʻqqizta medallar jamlanmasi oʻynaladi. Sportchilar yakkalik koʻpkurash, jamoaviy koʻpkurash, xalqa, toʻp, bulava hamda tasma boʻyicha bahslarda kurash olib borishadi. Jamoaviy bahslarda esa koʻpkurash, beshta xalqadagi mashqlar finali, uchta toʻp va ikkita arqon bilan mashqlar finali musobaqa dasturidan oʻrin olgan.
Ushbu jahon chempionatida jamoaviy koʻpkurash boʻyicha sovrinli oʻrinlarni egallagan terma jamoalar Tokio – 2020 Olimpiya oʻyinlariga dastlabki litsenziyani qoʻlga kiritishadi. 2019-yil Boku shahrida boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida esa yakkalik koʻpkurashda ijobiy natija qayd etgan 16 nafar gimnastikachi hamda beshta jamoaviy bahslarda yetakchilik qilgan jamoalar Olimpiada yoʻllanmalariga ega boʻlishadi.
Maʼlumot sifatida shuni aytish mumkinki, Bolgariya uchinchi bor jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda, 1969 va 1987-yilgi yirik musobaqalar ham Sofiyada oʻtkazilgan edi.

 

O’zA