Sugʻdda Samarqand kunlari oʻtkaziladi

Joriy yilning 7-9-sentabr kunlari Tojikiston Respublikasining Sugʻd viloyatida Samarqand kunlari oʻtkaziladi.
Tadbir doirasida Xoʻjand shahrida samarqandlik ishbilarmonlar ishtirokida biznes-forum hamda sanoat, hunarmandlik va qishloq xoʻjalik mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil etiladi.
Shuningdek, Samarqand va Sugʻd viloyatlari sanʼatkorlari ishtirokida konsert dasturi, Samarqandning “Dinamo” hamda Sugʻdning “Xoʻjand” futbol jamoalari oʻrtasida oʻrtoqlik uchrashuvi va boshqa bir qator madaniy tadbirlar rejalashtirilgan.
Ushbu tadbirlarda ishtirok etish uchun Samarqand viloyati vakillarining dastlabki guruhi bugun tongda Sugʻd viloyatiga joʻnab ketdi.
Eslatib oʻtamiz, shu yilning aprel oyida Samarqandda Sugʻd viloyati tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum va Tojikistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi oʻtkazilib, 107 million dollarlik 142 ta hamkorlik shartnomalari hamda 27 ta memorandum imzolangan edi. Madaniy tadbirlar va sport musobaqalari oʻtkazilgan edi.

 

Gʻolib Hasanov, OʻzA