Yurt taqdiriga – yuksak tuygʻu

Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!
Xalqimiz eng ulugʻ, eng aziz bayram – Mustaqillik kunini shodu xurramlikda, yuksak zafarlar bilan kutib olmoqda. Zero, istiqlol oʻz taqdirimizni oʻzimiz belgilash, tinch-farovon yashash, ezgu orzularimiz roʻyobini koʻrish, tariximiz naqadar buyuk, ertamiz yanada nurafshon ekanini dunyoga namoyon qilish imkonini berdi.
Ayniqsa, keyingi ikki yilda islohotlar butunlay yangi bosqichga koʻtarildi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, taʻlim, tibbiyot, madaniyat, umuman, barcha sohadagi yuksalishlar esa barchamizni toʻlqinlantirib, Vatanimizning yanada taraqqiyot etishigahissa qoʻshishga undamoqda.
Fargʻona viloyatida ham qutlugʻ ayyom katta shodiyonalar bilan kutib olinmoqda. Bayram arafasida ayrim yurtdoshlarimizning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdik.
Patilaxon Ergasheva,
Buvayda tumanidagi “Patilaxon” fermer xoʻjaligi rahbari, 
Oʻzbekiston Qahramoni:
– Qishloqda tong erta boshlanadi, nazarimda. Sahardan kimdir toʻyga, kimdir bozorga oshiqadi. Hamma oʻz yumushi bilan band. Yurtimizdagi tinchlik va farovonlik odamlar hayotida oʻz aksini topgan. Qarang, bu yil qishlogʻimizning oʻzidan 10 dan ortiq oʻgʻil-qiz oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kiribdi. Mana shuning oʻzi ham Mustaqillikning mevasi emasmi? Qishloqlarimizdagi oʻzgarishlarni bir koʻring. “Obod qishloq” dasturi asosida amalga oshirilayotgan bunyodkorliklardan hayratdamiz. Yangi yoʻllar, maktab, tibbiyot maskani, bolalar bogʻchasi, namunaviy loyiha asosida qurilayotgan uylar… sanab sanogʻiga yetolmaysiz.
Mening bolaligim paxta dalasida oʻtgan. Biz paxta odamdan aziz boʻlgan ogʻir davrlarni koʻrganmiz. Xalqimiz xoʻrlangan, dehqon oyoqosti qilingan kunlarga guvoh boʻlganmiz. Mustaqillik yillarida mehnatlarimiz qadr topdi. Yelkamizga oftob tegdi. 1995-yilda Prezidentimiz farmoniga binoan “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” unvoniga sazovor boʻldim. 2002-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandim. 2010-yilda esa Oʻzbekiston Qahramoni degan yuksak sharafga munosib koʻrildim. Oddiy bir qishloq ayoliga shuncha eʻtibor, shuncha eʻzoz. Bu haqda oʻylasam, tunlarni tongga ulab qilgan mashaqqatli mehnatlarim, chekkan zahmatlarim bir zumda unutiladi.
Birinchilar qatorida fermer xoʻjaligi tashkil qildim. Yer egasi boʻldim. Sobiq tuzum davrida takroriy ekin ekishga ruxsat berilmasdi. Bugungi kunda bugʻdoydan keyin turli poliz ekinlari ekilmoqda. Undan olingan daromaddan kam taʻminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarga yordam beryapmiz. Xoʻjalik aʻzolariga tarqatyapmiz. Roʻzgʻorimiz but, oilamiz, yurtimiz tinch. Odamlarimiz hayotdan rozi. Kimdir uy quryapti, boshqasi toʻy qilyapti. Albatta, buning qadriga yetish, yurt taraqqiyotiga hissa qoʻshish barchamizning muqaddas burchimiz boʻlmogʻi shart.
Dilorom Toshboltayeva, 
Fargʻona tumanidagi “Shohimardon” qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri, 
“El-yurt hurmati” ordeni sohibasi:
– Shohimardon qishlogʻi anklav hududda joylashgan boʻlsa ham, aziz yurtning bir parchasi sifatida islohotlar samaralarini doim his etamiz. Hamqishloqlarimning baxtiyor chehrasini koʻrib, koʻnglim yanada yorishadi. Bunday xotirjamlik va baxtiyorlik yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni asrash, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish, inson manfaatlarini taʻminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning oʻziga xos koʻzgusi emasmi?!
Bugungi kunda qishloq ahli tibbiy xizmatdan mamnun. 64-qishloq oilaviy poliklinikamizda sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish uchun barcha sharoit mavjud. Qishloqda shifokorlar uyi ham tashkil etilgan. Oʻtgan yili yangi shifoxona ish boshladi. Shifo maskanida tugʻruq, ichki kasalliklar, jarrohlik, bolalar boʻlimlari faoliyat koʻrsatadi.
Yurtimizda, har bir oilada tongning shukrona bilan, ezgu maqsad va niyatlar bilan qarshi olinishi, farzandlarimiz kamoloti uchun keng imkoniyatlar mavjudligi, eng muhimi, dunyoda hech kimdan kam boʻlmagan holda kamolga yetayotganlarini oʻylab, gʻururlanib ketaman.
Maqsadim aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash yoʻlidaastoydil xizmat qilish. Zero, sogʻlom va barkamol avlod yurt kelajagidir.
Sadafbek Husanboyev, 
Fargʻona davlat universiteti magistranti:
– Oʻzbekiston farzandi ekanimizdan har doim faxrlanamiz. Yoshligimdan nemis tilini chuqur oʻrgandim. Oliy oʻquv yurtida ham shu soha boʻyicha oʻqidim. Joriy yilda magistraturaga qabul qilindim. Bir qator loyihalarda ishtirok etib, ikki marta Germaniyaga bordim.
Bugun mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga ham alohida eʻtibor qaratilmoqda. Yaqinda “Dilrabo Travel” oilaviy korxonasini tashkil etdim. Korxonamizturizm faoliyati bilan shugʻullanib kelmoqda.
Doʻstlar bilan kelgusida amalga oshiradigan ishlarimiz, rejalarimiz xususida koʻp fikrlashamiz. Barchamizning maqsadimiz ulkan. Yurtimizda biz, yoshlarga koʻrsatilayotgan eʻtibor gʻayratimizga gʻayrat qoʻshadi. Mana shunday goʻzal, tinch, farovon yurtda yashayotganimdan, shu Vatanga, xalqimga oz boʻlsa-da, nafim tegayotganidan mamnunman.

 

M.Sulaymonov, OʻzA