O‘zbekiston – Tojikiston: abadiy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik sari

Bugungi kunda O‘zbekiston tashqi siyosatida, eng avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, Tojikiston bilan aloqalarimiz tobora yuksalib bormoqda.
01.JPG
Qodir Jo‘rayev,
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi,
Oliy Majlisning Tojikiston parlamenti bilan hamkorlik qilish bo‘yicha guruhi a’zosi
O‘zbekiston va Tojikiston Markaziy Osiyodagi bir-biriga chambarchas bog‘langan mamlakatlar hisoblanadi. O‘zbek va tojik xalqlari bir-biriga juda yaqin bo‘lib, to‘y-marosimlari, urf-odatlari, hatto liboslari, taomlari, kuy-qo‘shiq va raqslari o‘xshash. Ikki xalq azaldan bir daryodan suv ichgan, qarindoshlik, quda-andachilik rishtalari bilan mustahkam bog‘langan. Shu bois, ularni “ikki tilda gaplashuvchi bir xalq” ham deyishadi.
Biroq o‘tgan yigirma yildan ko‘proq vaqt davomida O‘zbekiston va Tojikiston aholisi bir-biridan ayri holda yashadi. Bundan albatta oddiy xalq, oddiy insonlar aziyat chekdilar. Shu vaqt davomida chegaraning har ikki tomonida ko‘plab oilalar, qarindosh-urug‘lar bir-birlaridan habar ololmadilar, bordi-keldi aloqalar deyarli uzildi, ikki mamlakat o‘rtasida munosabatlarda talaygina muammolar to‘planib qoldi.
Bundan bir yarim yil oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqlarining birida ushbu muammolar haqida to‘xtalib, “20 yillik qalin muz eritilishi kerak. Shundan so‘ng konstruktiv qo‘shnichilik munosabatlarini tiklasa bo‘ladi. Bu oson ish emas, buning uchun muayyan vaqt talab etiladi», deb bejiz ta’kidlamagan edi.
O‘tgan qisqa davr – bir yarim yil ichida o‘zbek-tojik munosabatlarini mustahkamlash sari muhim qadamlar qo‘yildi. O‘zaro munosabatlarda misli ko‘rilmagan ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Yaxshi qo‘shnichilik rishtalari ancha mustahkamlandi, o‘rtada konstruktiv hamkorlik muhiti yuzaga keldi. O‘zbekiston rahbarining 2018 yil 9-10 mart kunlari Tojikistonga amalga oshirgan tashrifi bilan ikki tomonlama aloqalardagi yangi sahifa ochildi. Mamlakatimiz rahbarining oqilona siyosati tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi gina-kudratlar unutilib, mavjud muammolarni birgalikda hal qilish yo‘lida jadal harakat boshlandi.
Ikki mamlakat o‘zaro munosabatlarida kuzatilayotgan ushbu ijobiy o‘zgarishlardan, birinchi navbatda, oddiy odamlar manfaat ko‘rmoqdalar. Ayniqsa, O‘zbekiston va Tojikiston chegarasidagi bir qator nazorat postlarining qayta ochilganligi o‘zbek va tojik jamoatchiligi, xususan chegaraoldi hududda istiqomat qiluvchi aholi tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olindi. Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasidagi temir yo‘l va aviaqatnovning tiklanishi ham odamlar hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Prezidentimizning Tojikistonga tashrifi o‘zaro munosabatlarda tom ma’noda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lganligini alohida ta’kidlash joiz. O‘shanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini minglab tojikistonliklar, Dushanbe xalqaro aeroportidan to Tojikiston Prezidentining Somoniylar saroyigacha, ikki davlat bayroqchalari bilan “Xush omaded!” so‘zlari orqali samimiy kutib olganliklari hali-hanuz esimizdan chiqmaydi. Ushbu ajoyib voqeani nafaqat Prezidentimizga, balki butun o‘zbek xalqiga bo‘lgan chuqur hurmatning yorqin ifodasi sifatida baholash mumkin.
Mazkur tashrif natijasi o‘laroq, ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil va jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. 2017 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 240 million dollarni tashkil etdi. Bunda transport vositalari va xizmatlari, to‘qimachilik va plastmassa mahsulotlari, maishiy texnika vositalari asosiy o‘rinni egalladi.
2018 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2017 yilning shu davridagiga nisbatan 35 foiz o‘sgan. O‘zbekistonda tojik biznesi vakillari ishtirokidagi 24 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, Tojikistonda esa yurtimiz tadbirkorlari bilan hamkorlikda tashkil qilingan 9 ta korxona bor. 2017 yilda Tojikistonda O‘zbekistonning 6 ta “Savdo uyi” ochildi. Shu yil fevral oyida Toshkentda Tojikistonning “Savdo uyi” ish boshladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning mazkur tarixiy tashrifi O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. Tomonlar eng murakkab masalalarni ham o‘zaro ishonch va hurmat asosida, har ikki mamlakatning manfaatlarini birdek hisobga olgan holda hal qilish mumkinligini amalda isbotlab berdilar.
Prezidentimizning mazkur tashrifiga javoban joriy yilning 17-18 avgust kunlari Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda. Ushbu oliy darajadagi tashrifga hozirgi kunda ham O‘zbekistonda ham Tojikistonda puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining bo‘lib o‘tishi kutilayotgan uchrashuvi davlatlararo aloqalarni yangi strategik darajaga olib chiqishi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochib berishi shubhasizdir. Tashrif davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi; tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi; savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha 20 dan ortiq hujjatlar imzolanadi.
Tashrif doirasida Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz”da Tojikiston mahsulotlari ko‘rgazmasi ochiladi. Bundan tashqari, Prezident I. Rahmonning poytaxtimizdagi “Artel” zavodiga ham tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan.
Xulosa sifatida shuni e’tirof etish joizki, O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining tashabbusi va bevosita sa’y-harakatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochildi. Bizning vazifamiz, qayta jonlangan o‘zaro do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada mustahkamlash, ikki xalqni bir-biriga yanada yaqinlashtirishdan iborat. Zero, o‘zbek-tojik birodarligi Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi.

 

O`zA