Olimpiya zaxiralari maktablariga 6-sinfdan qabul qilinadi

Olimpiya zaxiralari maktablariga qabul qilish tartibi belgilandi.
Hukumat qarori bilan Ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatiga o‘quvchilarni qabul qilish, attestatsiyadan o‘tkazish va ularning o‘qishini ko‘chirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar qilmoqda.
Maktab-internatga o‘quvchilar tanlov asosida 6-sinfdan qabul qilinadi.
O‘quvchilar 20 iyun – 20 iyul mobaynida quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:
 
o‘quvchining ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan maktab-internat direktori nomiga ariza;
 
tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma nusxasi;
 
tibbiy ma’lumotnoma;
 
turar joyidan ma’lumotnoma;
 
3,5 x 4,5 hajmdagi 8 ta rangli fotosurat.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar 100 balli tizim bo‘yicha baholanadi va umumiy jismoniy tayyorgarlik uchun – 30 ball hamda maxsus jismoniy tayyorgarlik uchun – 70 ball ajratiladi.
Kasbiy imtihonlar 21 iyul – 28 iyul mobaynida o‘tkaziladi va natijalar 1 avgustda e’lon qilinadi.
Natijalardan norozi bo‘lgan shaxslar uch kun muddatda maktab-internatning qabul komissiyasiga ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.
Quyidagi holatlarda o‘quvchining o‘qishi maktab-internatdan boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chiriladi:
o‘z xohishiga ko‘ra;
 
attestatsiya komissiyasining qaroriga ko‘ra;
 
tibbiy nomuvofiqlik bo‘lganda – vrach xulosasiga ko‘ra;
 
o‘quv intizomi va ichki tartib-qoidalarni buzganda.

 

O‘zA