O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytiradi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Xorijiy davlatlar bilan mintaqaviy va madaniy aloqalar boshqarmasi, Fan va ta’lim vazirligi vakillaridan iborat delegatsiya yurtimizda bo‘ldi.
Ikki davlat mutaxassislari o‘rtasidagi suhbat oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasiga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda so‘nggi ikki yil davomida davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchli va manfaatli hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani, siyosiy, savdo-iqtisodiy sohalar bilan birga madaniy-gumanitar va ilmiy-texnik sohalarda ham aloqalar kengayib borayotgani e’tirof etildi.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida malakali kadrlar tayyorlash yo‘lidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, jumladan, zamonaviy yo‘nalishlar va mutaxassisliklarda bakalavr, magistrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot sohasida o‘zaro tajriba almashish kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

 

O‘zA