O‘zbekistonda har bir ayolga malakali akusherlik va ginekologik ambulator yordam ko‘rsatiladi

Endilikda ayollarimiz salomatligi doimiy nazoratga olinadi, bu boradagi muammolarni erta bartaraf etish choralari ko‘rib boriladi.
Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ular salomatligini asrash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan. Prezidentimizning joriy yil Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan uchrashuvdagi nutqida ham homilador ayollarni skrining ko‘rigidan o‘tkazish ishlari talab darajasida emasligiga e’tibor qaratib: “Bu boradagi jiddiy kamchiliklarga barham berish maqsadida oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida qizlarimiz, ayollarimiz uchun alohida tibbiy maslahatxonalar tashkil etilmoqda”, deya qayd etib o‘tgan edilar.
Bu borada Prezidentimiz tomonidan joriy yil 2 fevralda imzolangan “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-mayidagi “Qizlar va – fertil yoshidagi ayollarga ko‘rsatiladigan akusher-ginekologik va tibbiy yordam xizmatlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etdi.
– Ayollar maslahatxonalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar tuman, shahar markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalari, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari, shuningdek, Toshkent shahrining oilaviy poliklinikalari tuzilmasida tashkil etildi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Marat Sodiqov. – Bundan asosiy maqsad homiladorlikka qadar, homiladorlik hamda tug‘ruqdan keyingi davrda malakali akusherlik va ginekologik ambulator yordam ko‘rsatishdir. Shuningdek, ushbu maslahatxonalar o‘ziga biriktirilgan hudud aholisining reproduktiv salomatligini asrash hamda oilani rejalashtirish orqali ona va bola salomatligini ham muhofaza qilishadi.
Quvonarli jihati, endilikda ayollarimiz salomatligi doimiy nazoratga olinadi, bu boradagi muammolarni erta bartaraf etish choralari ko‘rib boriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

 

O‘zA