Jinoyatchilikning barvaqt oldini olish– bosh maqsadimiz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining kengaytirilgan qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Videoselektor shaklida o‘tkazilgan majlisda Oliy Majlis palatalari Kengashlarining a’zolari, Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha Respublika komissiyasi va mintaqaviy ishchi guruh rahbarlari, huquqni muhofaza qilish idoralari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati raisi N.Yo‘ldoshev ta’kidlaganidek, har ishda qonuniylik va adolat ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi amaliy sa’y-harakatlar O‘zbekistonning nafaqat mintaqa, balki butun dunyoda yangicha qiyofada va tom ma’nodagi demokratik davlat sifatida namoyon bo‘lishini ta’minlamoqda. Bugun ko‘p millatli xalqimiz o‘zaro totuvlik, bunyodkorlik muhitida ertangi kunga mustahkam ishonch va osoyishta hayot uchun shukronalik hissi bilan mehnat qilmoqda. Bunday emin-erkin va saodatli hayotning eng asosiy omili tinchlik va osoyishtalikdir. Zotan, faqat tinchlik bo‘lgan joydagina baxtli hayot hukm suradi. Osoyishta mamlakatdagina keksayu-yosh farog‘atda yashaydi, oilalarda qut-baraka bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2018 yilning 27 iyul kuni jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarning bugungi holati hamda bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirning kun tartibi doirasida joriy yilning yetti oyi davomida jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va galdagi vazifalar, shuningdek, “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolat” tizimini amaliyotga joriy etish tartib-taomillari muhokama qilindi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan majlisda qisqa muddatda ichki ishlar idoralari tuzilmasi to‘liq yangilanib, tizimni takomillashtirishga oid 80 dan ortiq me’yoriy hujjat qabul qilingani, ichki ishlar organlarini xalqqa yanada yaqinlashtirish, joylarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida Toshkent shahrida mavjud kuch va vositalar joylarga qayta taqsimlangani ta’kidlandi.

Ilgari barcha xodimlarning 60 foizi shahar va tuman boshqarmalarida, 40 foizi joylarda faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ularning 65 foizi aholiga yaqin, ya’ni mahallalarda xizmat vazifasini o‘tamoqda. Natijada o‘tgan yilda jinoyatlar soni 2016 yilga nisbatan 13 ming 720 taga yoki 16 foizga, joriy yilning olti oyida esa 13 ming 599 taga yoki 39 foizga, jinoyat-qidiruv yo‘nalishidagi jinoyatlar soni 38,3 foizga kamaygani qayd etildi.

Biroq olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga va erishilgan muayyan natijalarga qaramay, mamlakatimizdagi kriminogen vaziyatdagi o‘zgarishlar ko‘ngildagidek emasligi ta’kidlandi. Buning boisi jinoyatchilikning tub ildizini, eng asosiy sabablarini aniqlash o‘rniga ko‘proq uning oqibatlarini bartaraf etish ustida ish olib borilmoqda, jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida hanuzgacha eskicha ishlash uslubidan voz kechilmagan.

Ba’zi hududlarda jinoyat-qidiruv yo‘nalishidagi ayrim jinoyat turlarining soni oshib borayotgani tashvishli holdir. Jumladan, Andijon, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Jizzax viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qasddan odam o‘ldirish, og‘ir tan jarohati yetkazish, bosqinchilik, transport vositasini olib qochish jinoyatlari ko‘paygan.

Qotillik jinoyati aksariyat hollarda oila-turmush va qo‘shnichilik bilan bog‘liq muammolar oqibatida yuz bermoqda. Joriy yilning 7 oyida 277 qotillik jinoyatining 116 tasi qarindoshlar, 25 tasi qo‘shnilar o‘rtasida sodir etilgan. Mazkur jinoyatlarning 95 tasi er-xotin, aka-uka, ota-o‘g‘il o‘rtasida sodir etilgani milliy an’analarimiz va oila qadriyatlariga mutlaqo ziddir.

Ushbu yo‘nalishda hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borish uchun mas’ul rahbarlarning bunday ahvol yuzasidan tushuntirishlari eshitildi.

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov sohadagi kamchiliklar, ularni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdi.

– Viloyat, tumanlardagi sektorlarda profilaktika inspektorlari o‘zining hududidagi jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilmayotgani va bu borada turli kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgani ko‘rinib qolmoqda, –dedi P.Bobojonov. – Agarda profilaktika inspektori va mahalla faollari masalaning ichiga kirib ishlaganida va tegishli tartibda tayyorgarlikni yo‘lga qo‘yganida yuqoridagi kabi muammolar, jinoyatlarning oldini olish mumkin bo‘lar edi. Yangi tizim “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolat” shiori ostida ishlash har bir ichki ishlar organi xodimlarining bosh maqsadiga aylanishi kerak. Shuning uchun yana bir bor ta’kidlab aytaman, agarda har bir hududda tashkil etilgan sektor a’zolari faol ishlasa, uyma-uy yurib muammolarni o‘rgansa, turli ko‘ngilsizliklar, jinoyatlarning oldi olinadi.

Mamlakatimizda jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga nafaqat davlat idoralari, balki jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik, barcha fuqarolar mas’ulligi, xususan, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va uning tuzilmalari faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Buning oqibatida mamlakatimiz mahallalarining qariyb 60 foizida jinoyat sodir etilgan. Olib borilayotgan ishlarda izchillik yetishmayotgani ko‘plab huqubuzarliklarning takror sodir etilishida namoyon bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan jinoyatchilikning barvaqt oldini olish faoliyatini yanada takomillashtirish, barcha tegishli tuzilmalar rahbar va xodimlarining mas’uliyatini oshirish bo‘yicha qator taklif, tavsiyalar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev bugungi kunda yoshlar orasidagi jinoyatlar va ularning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot taqdim etdi.

– Har birimiz bitta jinoyatning oldini olishga harakat qilganimizda jinoyatchilik kamaygan bo‘lardi, – dedi Q.Quronboyev. – Ko‘pchilik fuqarolar yig‘ini raislari, ularning yoshlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, tumanlar hokimlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari ham jinoyatchilikka qarshi kurashishning samarador usulini yaxshi anglab yetmagan. Nima uchun yoshlar tomonidan jinoyat sodir etilayapti? Chunki uning ruhiy holati ba’zi hayotiy to‘siqlar oldida ojizlik qilmoqda va natijada jinoyatga qo‘l urmoqda. Shu maqsadda psixologlar, yoshlar masalalari bilan shug‘ullanadigan pedagoglar, ichki ishlar xodimlari bilan o‘quv seminarlari o‘tkazdik. Biz mutaxassislarga jinoyatlarning kelib chiqishi hamda jinoyatlar to‘g‘risida film qo‘yib beramiz va gapirib beramiz. Ular joylarga chiqib, har bitta hudud, tumanga borib, jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini o‘rganadi. Jinoyatning sabablaridan yana biri – bu ishsizlik. Masalan, Surxondaryoda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish tadbirlari faqat rasmiyatchilik uchungina xolos. Sheroboddagi qamoqxonada yoshlar bilan gaplashganimizda jinoyatlarning aksariyati ishsizlik tufayli sodir etilganiga guvoh bo‘ldik. Agarda biz yoshlarni ruhiy jihatdan tarbiyalasak, ma’naviyatini oshirib, ish bilan ta’minlashga erishsak, o‘ylaymanki, jinoyatlar keskin kamayadi.

Majlisda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi boshqaruvi raisi, xalq ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirlari va boshqa rahbar xodimlarning tizimdagi kamchiliklar va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar haqidagi axboroti eshitildi.

Majlisda jinoyatlarning aksariyati alkogol ichimliklarni iste’mol qilish natijasida kelib chiqishi, chet davlatlarda kechki soat 21.00 dan so‘ng alkogol mahsulotlarining sotilmasligi va bu tajribani mamlakatimizda ham qo‘llash kerakligi muhokama qilinib, takliflar bildirildi.

Shuningdek, majlis ishtirokchilari “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi amalga oshirilishini deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilish, ushbu dastur ijrosi uchun mas’ul rahbarlarning hisobotini parlament va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muntazam eshitib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarurligi haqida fikr yuritdi.

Majlisda qizg‘in muhokamalar yakuni bo‘yicha Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qo‘shma qarori qabul qilinib, uning ijrosi qat’iy nazorat ostiga olinishi belgilandi.

 

Davron Sunnatov, O‘zA