Ko‘priklar bunyodkorligimiz timsoli

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida qurilgan zamonaviy ko‘prikni borib ko‘rdi.

Poytaxtimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, tirbandliklarning oldini olish, piyodalar uchun sharoit yaratish maqsadida ko‘plab ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar bunyod etilmoqda. Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida qurilgan zamonaviy ko‘prik shulardan biridir.Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu inshoot qadim Toshkentning tarixiy jozibasini saqlagan holda, uni yangilash, zamonaviy megapolisga aylantirish, pirovardida aholining uzog‘ini yaqin qilishda juda muhim ahamiyatga ega.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prik qurilish tresti” korxonasi bunyod etgan yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 667,5 metr, shundan estakada qismi 488,5 metr bo‘lib, balandligi 8 metr, kengligi 24,5 metr, 21 ustundan iborat. Ko‘prikda avtomobillar 6 qatorda harakatlanadi. Shuningdek, 124 metrlik ikkita piyodalar o‘tish ko‘prigi qurildi. Nogiron va keksalarga qulaylik yaratish maqsadida ularda maxsus eskalator o‘rnatildi.

Davlatimiz rahbari bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, quruvchilar bilan muloqot qildi.

9560f6f4-2477-2c50-c862-2bf70a4fdbe3.jpg

– Mamlakatimizda ko‘prik qurish bo‘yicha o‘ziga xos maktab yaratildi, – dedi Prezident. – Ushbu ko‘prikni barpo etgan bunyodkorlarga alohida minnatdorlik bildiraman. Bundan keyin quriladigan yangi ko‘priklar ham sifatli, juda puxta bo‘lishi kerak. Buning uchun ko‘priksozlik bo‘yicha ilg‘or xorij tajribasini o‘rganib, tajriba almashib borishimiz zarur. Bir so‘z bilan aytganda, ko‘priklar ham bizning bunyodkorlik timsolimizga aylanmog‘i zarur.

Obyekt qurilishiga ellikka yaqin texnika vositasi, 250 dan ziyod ishchi-xodim jalb etildi. Yo‘l o‘tkazgichni bunyod etishda 35,7 ming kub metr tuproq, 42,6 ming kub metr beton ishlari bajarildi. Hududda obodonlashtirish ishlari bajarilib, atrof ko‘kalamzorlashtirildi va manzarali daraxtlar o‘tqazildi.

Yangi inshootni loyihalashtirishda yoritish tizimiga ham alohida e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, ko‘prikka jahon standartlariga to‘la javob beradigan energiya tejaydigan jihozlar o‘rnatildi.

Shu yerda davlatimiz rahbariga poytaxtimizda va hududlardagi mavjud ko‘priklar holati, tizimdagi yangiliklar va rejalar haqida ma’lumot berildi. “CRAFCO” (AQSH) kompaniyasi ishlab chiqqan maxsus texnika va ixcham mexanizatsiya yordamida yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklarni ta’mirlash loyihasi namoyish etildi. Mazkur kompaniya yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklarni mustahkamlash va foydalanish borasida innovatsion texnologiyalarni joriy qilishda dunyoda eng ilg‘or sanaladi.

34f5c1d1-89ed-e0ab-1823-68ad25d440b0.jpg

Davlatimiz rahbari loyihani ko‘zdan kechirib, “CRAFCO” kompaniyasining texnologiyalaridan unumli foydalanish, buning uchun mutaxassislar malakasini oshirish borasida tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ini ham kirib ko‘rdi. Bog‘ni zamonaviy qilib qayta qurish, bu yerda ochiq va yopiq akvapark barpo etish bo‘yicha topshiriq berdi. Bog‘dagi bironta ham daraxt kesilmasligi kerakligini ta’kidladi.

cc6c65d2-a9a8-695f-39fe-2b90306a80be.jpg
e8dc46d4-bf36-0eec-402c-9701ea6c7cd7.jpg
ce5c5325-1e60-577f-dbea-c387f2a9f454.jpg
f1d9d3b7-8372-5ec8-70f7-f30be4a84360.jpg
d3a06e68-0d28-f76a-94a7-64ccb9558059.jpg

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA