Hududlar obodligi va tozaligi – aholi salomatligining muhim omili

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 9-avgust kuni atrof-muhitni muhofaza qilish, maishiy chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Mamlakatimizda atrof-muhitni obodonlashtirish va tozalikka rioya qilish, maishiy chiqindilarni yig‘ish, saralash va qayta ishlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 21-apreldagi “2017-2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ilgari egasiz bo‘lgan mazkur sohada yagona tizim shakllantirildi. Sohaga qaratilayotgan e’tibor samarasida aholini chiqindi tashish xizmati bilan qamrab olish darajasi joriy yil oxiriga qadar 62 foizga (20 million) yetishi kutilmoqda. Vaholanki, bu ko‘rsatkich 2016-yilda bor-yo‘g‘i 22 foiz bo‘lgan.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimida tashkil qilingan “Toza hudud” korxonalari joriy yilning yetti oyida 49 milliard so‘m daromad olishga erishdi. Joylarda chiqindilarni qayta ishlash korxonalari qurilmoqda.
Qaror ijrosi doirasida chiqindi olib chiqish hududlarini tadbirkorlarga elektron auksion yo‘li bilan biriktirish tartibi joriy etildi, faoliyatga tadbirkorlarni davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilish mexanizmi yaratildi, polimer plyonkali paketlar ishlab chiqarish, sotish va import qilishda cheklovlar o‘rnatildi, xorijiy investorlarni keng jalb qilish uchun soliq imtiyozlari berildi.
Yig‘ilishda mazkur yo‘nalishdagi ishlar hali yetarli emasligi, yana qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarurligi ta’kidlandi.
Xususan, joriy yilda “Toza hudud” korxonalariga 210 ta yangi maxsus texnika xarid qilingan. 2019-2021-yillarda yana 590 ta maxsus texnika olish rejalashtirilgan. Bu chiqindi tashish xizmati ko‘rsatish darajasini 83 foizga yetkazish imkonini beradi.
Bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish uchun Investitsiyalar bo‘yicha hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitalariga uch oy muddatda Osiyo taraqqiyot bankining krediti hisobidan yana 500 ta maxsus texnika xarid qilish bo‘yicha loyiha taklifini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Chiqindini yig‘ishtirish va buning uchun to‘lov undirish borasida ham muammolar mavjudligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda aholi jon boshiga chiqindini yig‘ishtirib olish uchun to‘lov 2 000 so‘m yoki 25 sentni tashkil qiladi. Bu esa sohaga tadbirkorlarni keng jalb qilish imkonini bermayapti.
Xorijiy davlatlarda chiqindini yig‘ishtirib olishda davlat-xususiy sheriklik munosabatlari keng joriy etilgan. Tadbirkor faqat chiqindini yig‘ishtirib oladi, mahalliy hokimiyat esa ko‘rsatilgan xizmat hajmiga qarab to‘lovni amalga oshiradi.
Moliya vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Majburiy ijro byurosi rahbariyatiga chiqindini yig‘ishtirib olishga davlat-xususiy sheriklikni keng joriy etishni ko‘zda tutuvchi aniq takliflar kiritish vazifasi topshirildi.
Bunda chiqindi yig‘ish uchun o‘rnatilgan tariflarni qayta ko‘rib chiqish, to‘lovlarni undirishni Majburiy ijro byurosi tomonidan amalga oshirish, tushgan mablag‘larni tuman (shahar) hokimliklari maxsus hisobraqamida jamlash, to‘plangan mablag‘ni davlat-xususiy sheriklik shartnomasi asosida chiqindi tashish korxonalariga to‘lash tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratilishi lozim.
Yig‘ilishda chiqindilarni qayta ishlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda maishiy chiqindining kamida 65 foizi qayta ishlanadi va katta foyda olinadi. Afsuski, bu ko‘rsatkich bizda o‘ta past. Hozirda mamlakatimizdagi chiqindi poligonlarida jami 18 million tonna chiqindi mavjud. Yiliga yana 4 million tonnadan qo‘shilib bormoqda. Bu chiqindilarni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni tezroq amalga oshirishni talab etadi.
Chiqindidan energiya olish bo‘yicha Ohangaron tumanida Janubiy Koreyaning “Sejin” kompaniyasi bilan hamkorlikda 55 million dollarlik loyihani amalga oshirish boshlangan. Loyihaga asosan chiqindi poligonidan biogaz olinib, 16 megavatt yoki 10 ming xonadon iste’moli uchun yetarli elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
– Ana shunday istiqbolli loyihalarni ko‘paytirish zarur, – dedi Prezidentimiz. – Buning uchun, avvalo, sohaga xorijiy investorlar nega kam qiziqish bildirayapti, degan savolga javob topishimiz kerak. Chunki bunga to‘siq bo‘lib turgan bir qator tizimli muammolarni hal etish uchun yetarli ish olib borilmayapti. Investitsiya loyihalarini amalga oshirishda kompleks yondashuv mavjud emas. Chiqindini qayta ishlashdan olinadigan muqobil energiyani yagona elektr energetika tarmoqlariga uzatish, olingan energiya uchun hisob-kitob qilish va tariflardagi farqni qoplash mexanizmlari haligacha joriy qilinmagan.
Ta’kidlanganidek, amaldagi tartibga ko‘ra, yagona elektr energetika tizimiga ulanish va to‘lovlarni amalga oshirish faqat qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun belgilangan bo‘lib, 1 kilovatt/soat uchun to‘lov juda kam – 2 sentni tashkil etadi. Kelgan investor shu savollarga javob ololmasdan, qaytib ketishga majbur bo‘lmoqda.
Moliya, Iqtisodiyot, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari va “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga ikki hafta muddatda yuqoridagi muammolarning yechimi yuzasidan tegishli qaror loyihasini tayyorlash vazifasi topshirildi.
Yig‘ilishda mutasaddi rahbarlarga ikki oy muddatda hududma-hudud yurib, chiqindini qayta ishlash va undan energiya olish bo‘yicha investitsiya takliflarini va ularning umumiy parametrlarini ishlab chiqish hamda yil oxiriga qadar kamida 5 ta loyiha amalga oshirilishini boshlash vazifasi topshirildi.
Mamlakatimizda mavjud chiqindi poligonlari faoliyatini sanitar va ekologik talablar asosida tashkil etish ham asosiy muammolardan ekani qayd etildi.
Ayni paytda yurtimizdagi 221 ta chiqindi poligoni faoliyatini sanitar va ekologik talablar asosida tashkil etish uchun 1,2 milliard dollar talab etiladi.
– Bu juda katta mablag‘. Sohaga sarmoya jalb qilish bo‘yicha bugungi kunda dunyo tajribasida keng qo‘llanilayotgan “ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyili asosida yangi tartib joriy qilish kerak, – dedi davlatimiz rahbari. – Bunda yirik tovar ishlab chiqaruvchilar mahsulotining tannarxida undan hosil bo‘ladigan chiqindini utilizatsiya qilish xarajatlarini nazarda tutish lozim. Lekin bu xarajatlarning odamlarga og‘irligi tushmasligi kerak. Mablag‘lar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasida yig‘ilib, chiqindi poligonlarini sanitar talablar asosida tartibga keltirish, ular sonini optimallashtirishga sarflanishi lozim.
Mutasaddilarga bir oy muddatda ushbu yangi mexanizmni joriy qilish bo‘yicha taklif kiritish vazifasi topshirildi.
Yig‘ilishda yana bir masala – “Toza hudud” korxonalari moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha yagona boshqaruv tizimini joriy qilish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun Ekologiya qo‘mitasi rahbariyati “Toza hudud” korxonalari ishini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘mita tarkibida alohida markazlashgan tuzilma tashkil etishga doir taklif kiritishi kerak. Bu tuzilma poligonlar va texnikalarni to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish, texnikalarning joylarga chiqishini elektron boshqarish, xizmatlar uchun tushumlar hisob-kitobini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullanadi.
Hududlarning tozaligiga javob beruvchi yana bir tizim – hokimliklar qoshidagi obodonlashtirish boshqarmalari ishini yanada takomillashtirish lozimligi qayd etildi.
Hozir ushbu tashkilotlar moddiy-texnik bazasi yaxshi emasligi uchun hokimliklar “Toza hudud” korxonalari texnikalarini obodonlashtirish va qurilish ishlariga jalb etmoqda. Bu holat “Toza hudud” korxonalarining asosiy ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, texnikalarning muddatidan oldin ishdan chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Muxtasar aytganda, obodonlashtirish sohasini metodologik jihatdan ta’minlash va o‘tgan asrdan qolgan moddiy-texnik bazasini yaxshilash ishlari butunlay o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.
Shuning uchun mutasaddilarga ikki oy muddatda obodonlashtirish boshqarmalari faoliyatini va muammolarini joylarga chiqqan holda tahlil qilib, tizimni tubdan takomillashtirish, jumladan, yangi boshqaruv tizimini joriy qilish, metodologik bazasini qayta ko‘rib chiqish, kadrlar tayyorlash, davlat-xususiy sheriklikni joriy qilishga taklif kiritish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yana bir muhim masala, ayrim odamlarda haligacha chiqindini maxsus belgilangan joyga tashlash, o‘z ko‘chasi va hududini ozoda saqlash madaniyati shakllanmagani qayd etildi. Shu bois hududlarni ifloslantirganlik uchun javobgarlikka tortishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda mutasaddi rahbarlarning axboroti tinglanib, tegishli topshiriqlar berildi.

 

O‘zA