Yevropaning eng mashhur “ARTE” telekanali hamda “Elephant DOC” kinokompaniyasi vakillari O‘zbekistonga keldi

Ular Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Farg‘ona va Qo‘qon kabi tarixiy shaharlar madaniyati haqida film suratga olish niyatida.
Yevropaning eng mashhur TV kanallaridan biri bo‘lgan “ARTE” telekanali, Guillamue Jeannin boshchiligidagi “Elephant DOC” kinokompaniyasi vakillari O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Farg‘ona va Qo‘qon kabi tarixiy shaharlari, o‘zbek xalqining tarixiy-madaniy merosi, me’moriy yodgorliklari, an’analari va san’atini ko‘rsatib beruvchi hujjatli film olish maqsadida yurtimizga keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 29 iyuldan boshlab Xiva shahrida tasvirga olish ishlarini amalga oshirayotgan mehmonlarga Xorazm viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan amaliy yordam berilib, malakali xodimlar biriktirildi. Buyuk ipak yo‘li haqida, Xorazm tarixi va bugungi kunda sayyohlik sohasida yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida mutaxassislar tomonidan ma’lumotlar taqdim etildi. Xorazm tarixining bir bo‘lagi bo‘lgan “Ichan qal’a“ hududida tasvirga olish ishlari amalga oshirilmoqda.
“Safar uchun taklif” deb nomlanuvchi 45 daqiqalik hujjatli film oktyabr oyida Fransiya va Yevropa jamoatchiligiga namoyish etilib, o‘zbek milliy sayyohlik sanoati taraqqiyotidagi asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtiradi.

 

O‘zA