FUTBOL: Poytaxt derbisida kuchlar teng keldi

Kecha futbol bo‘yicha mamlakat milliy chempionati Pepsi Superligasining 20-tur doirasidagi uchta o‘yin o‘tkazildi. Nafaqat turning, balki chempionatning markaziy uchrashuvi so‘zsiz Toshkent derbisi – “Paxtakor” va “”Lokomotiv” jamoalari o‘rtasida kechdi.
Paxta-Loko (2).jpg
Har ikkala jamoa ham allaqachon kuchli oltilik vakillariga aylanib bo‘lgan, o‘zaro uchrashuvi natijasi esa ikkinchi bosqichda asqotishini inobatga olgan holda har ikkalasi ham faqat g‘alaba uchun maydonga tushdi. Uchrashuvning muhimligi boisidan ham uni boshqarish uchun chetdan tajribali hakamlar taklif etildi. Yaqinda Rossiya maydonlarida nihoyasiga yetgan jahon chempionatida ishlagan Alirizo Fag‘oni rahbarligidagi eronlik hakamlar, aytish mumkinki, o‘yinni odilona boshqardi.
Paxta-Loko (3).jpg
G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq, kuchli futbolchilar tomonidan namoyish etilgan chiroyli kombinatsiyalar, individual mahoratlar, qator xavfli vaziyatlar… muxlislar shunday o‘yinning guvohi bo‘ldi.
Paxta-Loko (4).jpg
Birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqalarida maydon egalarining omadi chopdi – chempionat to‘purarlari qatorini boshqarayotganlardan biri Tiago Bezerra jamoadoshlarini hisobda oldinga olib chiqdi. O‘yin shu tarzda yakun topishiga oz qolgan bir paytda ketma-ket hujumlar uyushtirayotgan “Lokomotiv” a’zolarining ham “yelkasiga oftob” tegdi – Husniddin G‘ofurovning goli jamoadoshlari joniga oro kirdi. Shu tariqa ikki yetakchi jamoa bahsida g‘olib aniqlanmadi.
Paxta-Loko (6).jpg
Kuchli oltilikka kirish niyatidan qaytmagan AGMK ham imkon qadar “otga qamchi urib” qolyapti. Garchi imkoniyatlari yuqori bo‘lmasa-da, olmaliqliklar kuchlilar safiga intilishni davom ettirib, navoiyliklarni yirik hisobda dog‘da qoldirdi.
Oltilikka kirish bo‘yicha AGMKga nisbatan biroz imkoniyati yuqoriroq hisoblangan “Nasaf” ham “taslim bo‘lishga” hali shoshilmayapti, ko‘p imkoniyatlarni qo‘ldan chiqarib bo‘lganiga qaramay osonlikcha “jon taslim” qilgisi yo‘q. Shu maqsadda Jizzaxda ajoyib o‘yin namoyish etdi va maqsadiga erishdi.
Biroq, AGMKning ham, “Nasaf”ning ham bu yutuqlari oxir-oqibat ularning kuchlilar safiga “ilashib” qolishiga xizmat qila olarmikan, gap shunda.
20-tur, 1 avgust.
“PAXTAKOR“ – “LOKOMOTIV“ – 1:1
Gollar: Tiago Bezerra (45) – Husniddin G‘ofurov (87).
AGMK – “QIZILQUM“ – 3:0
Gollar: Zafar Polvonov (14), Jasur Hasanov (31), Jamshid Hasanov (68).
“SO‘G‘DIYONA“ – “NASAF“ – 0:1
Gol: Islom Kenjaboyev (15).

 

Oybek Yunusov, O‘zA