Turizm rivoji uchun hech bir jihatni e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim

Toshkent viloyatida turizm infratuzilmasini yaxshilash, turistlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish borasida sohaga ilg‘or innovatsiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyat turizmni rivojlantirish departamentidan ma’lum qilishicha, “Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod” 4R-20 yo‘lining Piskent tumanidan o‘tuvchi 18-kilometr qismiga biohojatxona o‘rnatildi. Ushbu innovatsion qurilma sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob beradi. Biohojatxona suv ta’minoti, ventilyatsiya, ichki va tashqi yoritish tizimi, santexnik jihozlar va gigiyenik qo‘l yuvish vositalari bilan jihozlangan.
– Tojikistondan kelayotgan sayyohlar hisobiga “Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod” 4R-20 yo‘lida turistlar oqimi sezilarli darajada ko‘paydi, – deydi viloyat turizmni rivojlantirish departamenti sho‘ba mudiri Z.Allanov. – Ushbu yo‘lning 18-kilometr qismida bekat, umumiy ovqatlanish shahobchasi, uy muzeyi va ziyoratgoh joylashgani bois bu joyga yo‘lovchilar ko‘p to‘xtashadi. Shularni inobatga olib, birinchi biohojatxona ushbu manzilga o‘rnatildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil sentyabr oyiga qadar viloyatda yana 9 ta ana shunday biohojatxona tashkil etiladi.

 

Avazbek Xudoyqulov, O‘zA