O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida 1 avgust kuni Falastin Davlati tashqi ishlar va ekspatriantlar vaziri Riad al-Malkiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokarada O‘zbekiston – Falastin muloqoti BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida izchil rivojlanayotgani, mazkur tashrif ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashish uchun qulay fursat ekani ta’kidlandi.

Mamlakatlarimiz siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishdan birdek manfaatdor va buning uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni izlab topishga tayyor. O‘zbekiston falastinliklarning o‘z suveren davlatini tashkil etish borasidagi intilishlarini, Falastinning Yaqin Sharqdagi mojarolarni tinchlik muzokaralari o‘tkazish yo‘li bilan bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Muzokarada O‘zbekiston bilan Falastin o‘rtasida turli darajadagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Falastin delegatsiyasi shu kuni poytaxtimizdagi tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi.

 

O‘zA