Agrar islohotlar natijasi farovonlikoshishi va narx-navo barqarorligida aks etishi kerak

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 31 iyul kuni g‘o‘za rivojini jadallashtirish, g‘alla o‘rimidan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekish, aholi tomorqasidan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lumki, joriy yil 4 iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida 5 iyuldan 5 sentyabrga qadar “Hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi” e’lon qilingan edi. Yig‘ilishda shu borada amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.

O‘tgan vaqt mobaynida g‘o‘za rivojining kechikishi bartaraf etilmagani,g‘o‘za rivoji hali ham 8-10, ba’zi joylarda 12-15 kunga orqada qolayotgani ta’kidlandi. O‘tgan yilning shu davrida bir tup g‘o‘zada o‘rtacha 5-7 ko‘sak shakllangan bo‘lsa, bugun 3-5 tadan oshmaydi.

Bunday holat yuzaga kelishining asosiy sababi iyun-iyul oylarida joylardagi hokimlar, sektorlar rahbarlari, ayniqsa, fermerlar g‘alla o‘rim-yig‘imi va takroriy ekin ekishni bahona qilib, g‘o‘za parvarishini o‘z holiga tashlab qo‘yganida, dedi davlatimiz rahbari. G‘o‘zani chanqatmay, qator oralariga ishlov berish va suvdan samarali foydalanish ishlari ham ko‘ngildagidek tashkil etilmagan. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki aksariyat dalalarda na kultivator, na suvchi va na biror ishchi ko‘rinmaydi. Hatto ayrim tumanlarda paxta o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ko‘plab maydonlarda g‘o‘za chanqab yotibdi, bu esa hosil yo‘qotilishiga olib kelmoqda.

99de24b9-60f7-70d8-62e2-7177649316c5.jpg

Respublika ishchi guruhlari ma’lumotiga ko‘ra, g‘o‘za qator oralarini kultivatsiya qilish ishlari mutlaqo talabga javob bermaydi. Qator tumanlarda traktorlar boshqa ishlarga jalb qilingani oqibatida kultivatsiya kechikib, g‘o‘za qator oralari yorilish darajasiga kelgan. “Mexanizatorlar uylari”da sharoit yo‘qligi, “otryad” va “naryad” tizimi ishlamagani oqibatida kultivatorlarning 45-50 foizidan yetarlicha foydalanilmayapti.

Qishloq xo‘jaligidagi vazifalarni bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Zarbdor, G‘uzor, Bag‘dod va Uychi tumanlari to‘rtala sektor rahbarlarini lavozimidan ozod qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Paxta maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, g‘o‘zani chanqatmay, qator oralariga ishlov berish, kultivatorlardan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.

Bu yil noqulay ob-havo tufayli g‘o‘za zararkunandasi va hasharotlar ko‘paydi. Olimlarning aniqlashicha, ko‘sak qurti kapalagining qishlovdan sog‘lom chiqish darajasi 76 foizni tashkil etayapti. Bu oxirgi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Aslida, bu raqamning 50 foizga yetishi favqulodda holat sifatida baholanadi. Bu yil esa hasharot 1,5 barobar ko‘p. Bu muammo har bir mas’ul rahbardan tizimli nazoratni yo‘lga qo‘yish, ayniqsa, fermerlardan shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirishni talab etadi.

Soha olimlari bu yil 460 ming gektarda o‘rgimchak-kana, 390 ming gektarda ko‘sak qurti va 42 ming gektarda beda qandalasi tarqalishi to‘g‘risida prognoz bermoqda. Shu sababli Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va Toshkent davlat agrar universiteti rahbarlari boshchiligida 127 nafar olim viloyatlarga yuborildi. G‘o‘zani zararkunanda va hasharotlardan himoya qilishga byudjetdan qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratildi. Lekin ayrim sektor rahbarlari hali ham beparvo yuribdi. Minglab gektar maydonda kimyoviy ishlov o‘tkazildi, deb hisobot berilgan bo‘lsa-da, amalda kutilgan natijaga erishilmagan. Ya’ni, ishlov sifatsiz va nomiga o‘tkazilgan. Oqibatda ayrim viloyatlarda ko‘sak qurti 4-5 ming gektardagi g‘o‘zaga zarar yetkazgan. Yana 8-10 ming gektar maydon xavf ostida turibdi.

G‘o‘za rivojiga sug‘orish ishlari to‘g‘ri tashkil qilinmagani ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Sektor rahbarlari va suv xo‘jaligi xodimlari suvni adolatli taqsimlash bilan yetarlicha shug‘ullanmayapti. Masalan, muayyan tumanga yetkazib berilgan suvning 50-60 foizi takroriy va tomorqa ekinlarini sug‘orishga yo‘naltirilyapti. Suvdan maqsadli foydalanilmagani, yetarlicha suvchi jalb qilinmagani, tungi sug‘orish ishlari tashkil etilmagani oqibatida ayrim tumanlarning 10-15 foiz maydonida g‘o‘za chanqatib qo‘yilgan. G‘o‘zani sharbat usulida sug‘orish bo‘yicha aniq topshiriq berilgan bo‘lishiga qaramay, ayrim tumanlarda 60-65 foiz maydonga suvning o‘zi haydalmoqda. Shu munosabat bilan Suv xo‘jaligi vazirligi va Davlat veterinariya qo‘mitasiga o‘z tizimidagi xodimlarni dalaga mahalliy o‘g‘it chiqarish va g‘o‘zani sharbat bilan sug‘orish ishlariga jalb qilib, fermer xo‘jaliklariga biriktirish vazifasi topshirildi. Suvdan samarasiz foydalangan sektor rahbarlari va fermerlarga nisbatan chora ko‘riladi.

Yig‘ilishda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekishni yakunlash, shartnoma tuzish va bo‘nak mablag‘larini berish ishlarini jadallashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda dunyoda aholi soni va hayot darajasi o‘sishi sababli jahon bozorida oziq-ovqat mahsulotlariga talab va narx-navo oshib bormoqda. Bunday sharoitda barcha imkoniyatlardan foydalangan holda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirib, ichki bozorni to‘ldirish va eksport hajmini oshirish muhim vazifa hisoblanadi. Ayni shu maqsadda joriy yilda g‘alladan bo‘shagan 680 ming gektar maydonga takroriy ekin ekish belgilangan edi. Lekin takroriy ekin ekish boshlanganiga bir oydan oshgan bo‘lsa-da, ishlar hali yakuniga yetkazilgani yo‘q. Jumladan, mamlakat bo‘yicha 25 ming 350 gektar maydonga kartoshka ekish belgilangan. Biroq bugungacha uning 52 foizigagina ekilgan.

Yana bir muammo shuki, takroriy ekin turi va maydoni belgilab berilgan bo‘lsa-da, sektor rahbarlari nazorat qilmagani oqibatida 2 barobar ko‘p maydonga chorva ozuqasi ekilgan. Ayrim sektor rahbarlari qo‘shib yozish kabi eski va zararli illatdan haligacha qutulmagani tufayli takroriy ekin bo‘yicha ma’lumotlar to‘g‘riligiga kafolat berib bo‘lmaydi. Masalan, o‘tgan yili g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekilgani haqida haqiqatdan yiroq hisobot berilgani meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shundan kelib chiqib, Bosh prokuror belgilangan talablarni buzgan mas’ul rahbarlarga nisbatan tegishli chora ko‘rishi kerak. Mutasaddilar o‘tgan yilgi kamchiliklardan tegishli xulosa chiqarib, takroriy ekin maydonlarida mahsulot yetishtirish va eksport qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil qilishi lozim. Takroriy ekin ekish ishlari 5 avgustgacha to‘liq yakuniga yetkazilishi shart. Buning uchun moddiy-texnika resurslari to‘liq yetkazib berilishi, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida o‘tkazilishi, suvdan oqilona foydalanilishini alohida nazoratga olish zarur.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, takroriy ekin mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha qayta ishlash korxonalari, eksportchi va tayyorlov tashkilotlari bilan shartnomalar tuzish ishlari ham qoniqarsiz. Jumladan, eksportga chiqariladigan takroriy ekin mahsulotlarining Qoraqalpog‘istonda 23, Toshkent viloyatida 27, Buxoroda 53 foizini xarid qilish bo‘yicha eksportchi tashkilotlar bilan shartnoma tuzilmagan. Qayta ishlash korxonalari va tayyorlov tashkilotlari bilan shartnoma tuzish borasida ham shunday ko‘rsatkichlarni keltirish mumkin.

Shartnomalar to‘liq tuzilmagani fermerlarga bo‘nak mablag‘lari to‘lashga salbiy ta’sir ko‘rsatayapti. Shu kungacha qayta ishlash korxonalari bo‘nakning 10, eksportchilar 11, tayyorlov tashkilotlari 38 foizini to‘lagan, xolos. Shartnoma tuzilmasa, bo‘nak mablag‘i berilmasa, dehqonning holi nima kechadi, degan masala hech kimni tashvishlantirmayotgandek. Bu muammoni tezkor bartaraf etish maqsadida mutasaddilarga besh kun muddatda takroriy ekindan olinadigan mahsulotlarni xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzishni, o‘n kun muddatda bo‘nak mablag‘lari to‘lab berishni yakuniga yetkazish choralarini ko‘rish vazifasi topshirildi.

Shu bilan birga, tijorat banklari tomonidan qayta ishlash korxonalari, eksportchilar va tayyorlov tashkilotlariga bo‘nak mablag‘larini to‘lab berish uchun zarur bo‘lgan kreditlar qisqa muddatda ajratilishini qat’iy nazoratga olish kerak. Tuzilgan shartnomalarga asosan takroriy ekin mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha samarali tizim ishlab chiqish va joriy qilish asosida hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish choralarini ko‘rish zarur.

Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va ichki bozorni arzon mahsulotlar bilan to‘ldirishda tomorqadan samarali foydalanish ham muhim ahamiyatga ega. Joriy yil bu borada yangi tizim tatbiq qilinib, 161 ta “Tomorqa xizmati” korxonasi tashkil etildi. Ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 471 milliard so‘m kredit ajratish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, 500 milliard so‘m ajratildi. Shu kunga qadar Jamg‘arma hisobidan tomorqada mahsulot yetishtirish, issiqxona tashkil qilish, texnika va uskunalar xarid qilishga 62 milliard so‘m yo‘naltirildi.

“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida aholi uchun 400 million dollar ajratildi.

Bularning barchasi tomorqada mahsulot yetishtirishni qo‘paytirish, issiqxona tashkil qilish, uy sharoitida parranda va chorva mollari boqish orqali aholining daromadini oshirish, bandligini ta’minlash, turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiladi.

Lekin shunday sa’y-harakatlarga qaramay, tomorqadan samarali foydalanishni tashkil etishda Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va “Tomorqa xizmati” kutilganidek faollik ko‘rsatmayapti.

– Tomorqadan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha yaratilgan tizim natija berishi shart. Biz buni aholi turmush sharoitining o‘zgarishi va ichki bozordagi narx-navo bilan baholaymiz. Barcha rahbarlar yaxshi tushunib olishi kerak. Tomorqa – bu aholining bandligi, daromad manbaidir, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu sababli tomorqada mahsulot yetishtirayotgan, qoramol, 50 bosh parrandasi bo‘lgan xonadonning ishsiz a’zosi 1 minimal ish haqi miqdorida pensiya jamg‘armasiga to‘lov qilsa, 1 yillik kafolatlangan ish stajiga ega bo‘lishi belgilab qo‘yildi. Bu imtiyoz uyida dehqonchilik qilayotgan aholi, ayniqsa, ayollar, yoshlarning bandligini ta’minlab, kelajakda pensiya olishiga zamin yaratadi. Mutasaddilar yangi tizim samarali tashkil etilishini ta’minlash choralarini ko‘rishi va ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanishni qat’iy nazoratga olishi kerak. Avvalo, tomorqada bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekish ishlarini tashkil etish zarur. Ayni paytda hududlarning iqlim sharoitidan kelib chiqib, avgust-sentyabr oylarida ekiladigan piyoz, sarimsoqpiyoz, ko‘katlar kabi to‘qsonbosti ekinlar xonadonma-xonadon joylashtirilib, o‘z vaqtida ekilishini ta’minlash lozim. Buning uchun “Tomorqa xizmati” korxonalari tomonidan urug‘lik, yoqilg‘i, mineral o‘g‘itlar yetkazib berilishini alohida nazoratga olish darkor.

Yig‘ilishda mahalliy byudjetga qo‘shimcha daromad tushirish zaxiralarini safarbar qilish va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash masalasi muhokama qilindi.

Iyul oyi yakuni bo‘yicha soliq idoralari tomonidan qariyb 4,7 trillion so‘m mablag‘ undirilishi, rejadan tashqari byudjetga qo‘shimcha 889 milliard so‘m tushishi qayd etilar ekan, ayrim hududlar asosan yirik soliq to‘lovchilar xisobiga rejani bajarayotgani ta’kidlandi. Savdo, xizmat ko‘rsatish nuqtalari, kichik tadbirkorlik subyektlarini soliq bilan to‘liq qamrab olish, faoliyat ko‘rsatmayotgan subyektlar bilan ishlash hisobiga soliq bazasini kengaytirish yuzasidan ishlar yetarli darajada emas. Soliq to‘lovchilar sonida o‘sish deyarli kuzatilmayapti. Hokimlar va ularning birinchi o‘rinbosarlari bu boradagi vaziyatni chuqur tahlil qilishi, ishga yanada jiddiy yondashishi zarur. Shundagina masalani ijobiy tomonga o‘zgartirish mumkin.

Yig‘ilishda mahsulot va xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarni bajarish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham ko‘rib chiqildi.

Joriy yilning yanvar-iyul oylari yakuniga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha jami 7,2 milliard dollarlik eksport amalga oshirilishi va reja ko‘rsatkichlari 104 foizga yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kariyb 127 foizga bajarilishi kutilmoqda. Lekin bu raqam barcha sohalarda eksport oshishini nazarda tutmaydi, albatta. Masalan, ayrim viloyatlarda meva-sabzavot eksporti hajmi ortgani holda, sanoat mahsulotlari eksportining reja ko‘rsatkichlari bajarilmay qolishi mumkin. Reja ko‘rsatkichlariga to‘liq erishish uchun mutasaddilar masalani atroflicha o‘rganib, zarur choralarni ko‘rishi kerak.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlarning hisobotlari tinglandi.

 

O‘zA