Prezidentimiz harbiy aloqachilar bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 28-iyul kuni Toshkent shahri Mirobod tumanidagi harbiy qismga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbariga Toshkent harbiy okrugini harbiy texnika va qurol-aslaha bilan ta’minlash, qo‘shinlarning mavjud va istiqboldagi boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar, aloqa tarmoqlarini modernizatsiya qilish, mazkur harbiy qismda amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari, jangovar va o‘quv-tayyorgarlik jarayonini avtomatlashtirishga doir loyihalar haqida ma’lumot berildi.Mamlakatimizda yangi tahrirdagi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad milliy armiyamiz jangovar qudratini yanada oshirish, xalqimiz tinchligi va mamlakatimizning hududiy yaxlitligini ta’minlashdir. Bundan tashqari, doktrinada O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqlik tamoyili, yaqin qo‘shnilar bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirish, davlatimiz suverenitetini yanada mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilab qo‘yilgan.Mamlakatimiz geostrategik joylashuvining o‘ziga xosligi, shuningdek, mintaqada yuzaga kelayotgan harbiy-siyosiy holatni hisobga olgan holda, Qurolli Kuchlar birlashmalarining vazifa va tuzilmalari qayta ko‘rib chiqildi. Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tuzildi. Harbiy kadrlar tayyorlash sohasida olib borilayotgan tizimli o‘zgarishlar asosida Qurolli Kuchlar akademiyasining faoliyati tubdan qayta tashkil etildi. Mudofaa vazirligi qo‘shinlarini qurol-aslaha, harbiy texnika va zamonaviy aloqa vositalari bilan ta’minlash ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi.

– Mudofaa tizimida eng asosiysi – aloqa. Bugungi axborot asrida tezkor xabar almashuv, ayniqsa, harbiylar uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Bu tizimni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash, aloqa xavfsizligini chuqur egallagan mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Askarlar orasidan texnik-muhandislik qobiliyatga ega yoshlarni saralab olish, aloqachi mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan o‘quv yurtlaridagi ta’lim va amaliyot dasturini takomillashtirish, harbiylarni zamonaviy raqamli texnologiyalar bo‘yicha o‘qitish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari mudofaa vazirligi qo‘shinlarida mavjud aloqa texnikasi namunalari bilan tanishdi. Harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitni ko‘zdan kechirdi, askar va ofitserlar bilan suhbatlashdi.

Prezidentimiz dala sharoitida jangovar boshqaruv markazida mamlakatimizdagi harbiy okruglar rahbarlari bilan muloqot qildi. Okrug rahbarlari davlatimiz rahbariga joylarda mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot berdi.

Uchrashuvda harbiylarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni uy-joy bilan ta’minlash ishlarini yanada jadallashtirish zarurligi qayd etildi. Buning uchun joylarda tashkil etilgan harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatini takomillashtirish lozimligi ta’kidlandi.

233ee00e-574c-9902-0abd-18150bb62a98.jpg

8b6c0558-616c-a135-9a7e-0677d2c1b120.jpg
d356b616-68b1-b340-6770-e8c64c3574d7.jpg
9a543b9c-a1b1-fac7-41c3-d2b26a06a43e.jpg
c2df66a4-abed-ad5d-39e6-6e0c27bdab6e.jpg
Ziyodulla Jonibekov, O‘zA