Dunyoda sanoqli, Markaziy Osiyoda yagona loyiha

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida amalga oshirilayotgan metro qurilishi bilan tanishdi.
Uzunligi 7,1 kilometr bo‘lgan Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasi qurilishi 2020 yilga qadar qurib, foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Sergeli metro liniyasi hozirgacha Markaziy Osiyoda qo‘llanilmagan butunlay yangicha estakada usulida bunyod etilmoqda. Mazkur liniya ko‘priksimon tarzda quriladi, poyezdlar yer ustida harakatlanadi. Qiziqarli yana bir jihat, poyezdlar to‘xtash maskani, ya’ni bekatlar 4 vagondan iborat metro poyezdiga mo‘ljallab quriladi. Bekatlarda yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus lift va eskalatorlar o‘rnatiladi.
14893f54-583e-30c9-551d-b3ab66daaed1.jpg
Loyihaning umumiy qiymati 105 million dollarga teng. Loyiha doirasida 265 juft tayanch ustun va oraliq to‘sinlar o‘rnatish, 6 ta yo‘lovchi bekatini va 6 ta tashqi elektr ta’minoti stansiyasini qurish ko‘zda tutilgan. Metroning Sergeli yo‘nalishi Chilonzor yo‘nalishining “Olmazor” bekatidan boshlanib, “Yo‘ldosh” dahasigacha bo‘lgan hududdan o‘tadi va bir kecha kunduzda 15 ming yo‘lovchini tashish imkonini beradi.
Ayni paytda loyihaning 5 kilometr qismida qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. 130 juft tayanch ustunlar o‘rnatilgan. Ustunlar ustiga 60 ta oraliq to‘sinlar qo‘yilib, birlashtiruvchi balkalarni o‘rnatish ishlari boshlangan. Asosiy qurilish ishlari loyihaning 3 va 6-kilometrlari oralig‘ida amalga oshirilmoqda. Qolgan qurilish qismida uy-joy va noturar joy obyektlarini hamda tashqi muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini boshqa hududlarga ko‘chirish ishlari davom etayotir.
c060f4f4-95e0-f393-54de-60cecce9e79f.jpg
Qurilish ishlariga 70 dan ortiq texnika va mexanizmlar, 350 nafar malakali muhandis va ishchilar jalb qilingan. Joriy yil yakuniga qadar 6 kilometr masofada temir-beton konstruksiyalarni montaj qilish hamda 3 metro bekatini qurish ishlari tugallanishi belgilangan.
Davlatimiz rahbari bu yerga kelib, qurilishning borishini ko‘zdan kechirdi. Metroni sifatli, qulay va xavfsiz qilib qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shu yerda Toshkent shahrida qurilishi rejalashtirilgan 9 qavatli uylar loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.

 

Alouddin G‘afforov, O‘zA