Yer usti xalqa metro liniyasi ilk yo‘nalishlari 2019-yil Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi

Prezidentimiz Toshkent shahri bo‘ylab yer usti xalqa metro liniyasi qurilishi bilan tanishdi.

Toshkent yirik megapolis shaharga aylanmoqda. Shunga monand ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari aholining talab va ehtiyoji, poytaxtimizning kelgusi rivojlanishini inobatga olgan holda poytaxtimiz bo‘ylab yer usti xalqa metro liniyasini qurish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Qisqa fursat ichida ulkan qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Umumiy uzunligi 52,1 kilometrdan iborat mazkur metro yo‘nalishining 50,5 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali o‘tkaziladi. Loyihaning umumiy qiymati 422,3 milion dollarga teng.

Loyiha doirasida 2 mingga yaqin tayanch ustunlar va oraliq to‘sinlar, 13 mingga yaqin temir-beton balkalar o‘rnatish va 35 bekat tashkil etish nazarda tutilgan.

Loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab Toshkent metropolitenining “Do‘stlik” bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan qismi quriladi. 11 kilometrlik masofada 8 bekat bunyod etish mo‘ljallangan.

Ikkinchi bosqichda Qo‘yliq bozori bilan “Olmazor” bekati bog‘lanadi. So‘ngra bu yerdan “Beruniy” bekatigacha bo‘lgan masofada qatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi bosqichda “Beruniy”dan “Bodomzor” bekatigacha qurilish ishlari olib borilib, so‘nggi bosqichda “Do‘stlik” bekatiga ulanadi.

Prezidentimiz shu yilning iyun oyida ushbu qurilish jarayoni bilan tanishib, bunyodkorlik ishlarini yanada jadallashtirish va sifatli yakunlash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Bugungi kunga qadar xalqa metro yo‘lining 4 kilometr qismida qurilish ishlari amalga oshirilib, 206 ta tayanch ustuni uchun kotlovan qazish ishlari bajarilgan. Ustunlar ustiga ko‘ndalang temir-beton tayanchlar o‘rnatish ishlari boshlangan. Ustunlar oralig‘ini birlashtiruvchi 16 ta temir-beton balka o‘rnatilgan.

Qurilish ishlariga 60 dan ortiq texnika va mexanizm hamda 400 nafar muhandis va ishchi jalb qilingan. Metro qurilishi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prik qurilish tresti” unitar korxonasi bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

– Bu transport tarmog‘i ishga tushishini xalqimiz intiqlik bilan kutmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Har tomonlama qulay, arzon va xavfsiz bo‘lgan mazkur transport tarmog‘i aholiga har tomonlama qulaylik yaratadi. Shuning uchun qurilishni imkon qadar tezroq yakunlashimiz kerak.

Davlatimiz rahbari yer usti xalqa metro liniyasi qurilishida e’tiborga olish lozim bo‘lgan jihatlarga alohida to‘xtaldi. Bunyodkorlik ishlari uzluksizligini ta’minlash, uning atrofini obodonlashtirish, “Do‘stlik” bekatidan Qo‘yliq bozorigacha va Qo‘yliq bozoridan “Olmazor” bekatigacha bo‘lgan 22 kilometrlik qismini 2019-yil Navro‘z bayramigacha foydalanishga topshirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi.

Ayni paytda xalqa metro liniyasidagi poyezd va boshqa texnikalarni boshqarish uchun 50 nafar mutaxassis Janubiy Koreya va Xitoyda malaka oshirmoqda. Metroda harakatlanadigan yangi poyezdlar ham tayyorlanmoqda.

7c97d57a-292d-d188-3d53-02ae85199468.jpg
aaaba72d-7cdd-5996-8eb6-1e476912a80f.jpg
d8e817d3-fad9-3346-4e19-0992fc774173.jpg
27b73845-226b-d2ec-1423-ec2596bef258.jpg
6915cf7d-279f-15ff-64ac-e68263292bd0.jpg

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA