O‘zbek anoridan Fransiyada tayyorlangan ichimlik Angliyada xaridorgir

Yurtimizda vino ishlab chiqarish jarayoni 1975-1985-yillarda yuqori bosqichga chiqqan edi. Shu davrlarda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan desert vinolar – vassarg‘a, guliqandoz, shirin kabilar milliy brend sifatida eksport qilingan.
Hozirda ham vino ishlab chiqarish korxonlari o‘z brendlari bilan dunyoning ko‘pgina davlatlarida o‘tkazilgan festivallarda faol ishtirok etib kelmoqda. Sijjak, O‘zbekiston, Bog‘izag‘on va boshqa nomdagi mahsulotlar shular sirasidandir.
Yaqinda ba’zi manbalarda O‘zbekistonda yetishtirilgan anor sharbatidan Fransiyada likyor ishlab chiqarilayotgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Biz ham bu ma’lumotga qiziqib, “O‘zsharobsanoat”ning mutaxassislariga murojaat qildik. Ular xuddi shu xabarni o‘zlari ham eshitgani, biroq qo‘llarida aniq , ishonchli ma’lumotlari yo‘qligini aytib, bizni Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi “Mirzaobod anor uzumzorlari” agrofirmasiga yo‘naltirdi.
Agrofirma rahbari Jamshid Sultonovning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda tumanda 1,1 ming gektar anorzor tashkil qilingan. “Qora qayin”, “Qizil po‘choq” kabi navlar ekilgan anorzorlar yaqin yillarda to‘rt ming gektarga yetkaziladi. 2021-yilda to‘liq hosilga kiradigan bu daraxtlardan olingan hosilning asosiy qismi qayta ishlanar ekan.
– Eng muhimi sohaga klaster tizimi tatbiq etiladi, – deydi J.Sultonov. – Xorijdan keltirilgan qayta ishlash uskunalari ko‘magidan hosildan yuqori sifatli anor sharbati va likyor tayyorlashni mo‘ljallab turibmiz. Likyorni xaridori tayyor, uni Angliya va Fransiyaga eksport qilamiz.
O‘zbek anorining sharbatidan fransuzlar tayyorlayotgan ichimlik haqidagi savolimizga qisqa javob oldik.
“Bilishimcha, Fransiyada tayyorlanib, Angliyaga har bir shishasi 20 dollardan sotilayotgan likyorning nomi FAIR ekan. Uni tarkibida aynan O‘zbekistonda yetishtirilgan anor sharbati bor deyilmoqda. Biz ham yaqin yillarda anor va uning sharbatini, likyorni “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i bilan eksport qilishni boshlaymiz”.

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA