Meva yetishtirish ko‘paymoqda

Mamlakatimizda yerdan unumli foydalanish, mahalliy iqlim sharoitiga mos ekinlar ekish, oziq-ovqat mahsulotlari turini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida paxta va g‘alladan tashqari meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik va hatto, tropik ekinlar yetishtirish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishilayotir.
G‘uzor tumanidagi “Boymurodova Chinnigul” fermer xo‘jaligi jamoasi yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, 5 yil avval 3 gektar yerda bog‘ tashkil qilgan edi. Yaxshi niyat bilan barpo etilgan bog‘da bugun bir necha turdagi sarxil olma daraxtlari to‘liq hosilga kirgan.
– Xo‘jaligimiz bog‘dorchilikka ixtisoslashgan, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Davron Turdiyev. – O‘tgan yili bog‘imizdan mo‘l hosil oldik. Bu yil ham umidimiz katta. Har tup daraxtdan o‘rtacha 100 kilogrammdan hosil olishni mo‘ljallamoqdamiz. Mahsulotni asosan ichki bozorga sotyapmiz. Kelgusida eksport qilish rejamizda bor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda viloyatda 142 ming tonnadan ortiq meva yetishtirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 150 ming tonnani tashkil etgan. Bu har yili bog‘dorchilik yo‘nalishida yangi-yangi loyihalar yo‘lga qo‘yilayotgani, bog‘bonlarning bu boradagi bilim va tajribasi ortib borayotgani samarasidir.

 

O‘.Barotov, O‘zA