“O‘zbekistonning ipoteka bozorini kengaytirish” loyihasi amalga oshiriladi

Shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish doirasida “O‘zbekistonning ipoteka bozorini kengaytirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki bilan bir oy muddatda muzokaralar olib borish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligi zimmasiga yuklandi.
Prezidentning joriy yilning 18-iyulidagi “2018-yilda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar va shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish dasturlarini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ushbu jihat alohida belgilandi.
Shuningdek, qarorda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda aholi bilan muloqot natijalariga ko‘ra aniqlangan qo‘shimcha uy-joy hajmlarini shakllantirish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida qo‘shimcha arzon uy-joylar va shaharlarda ko‘p kvartirali uylar qurishni moliyalashtirishga doir takliflar kiritish vazifasi topshirildi.
2018-yil oxirigacha ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda qishloq joylarda uy-joylar qurilishini moliyalashtirish sohasida xalqaro moliya institutlari (Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi) bilan tuzilgan qarz bitimlariga o‘zgartirishlar kiritish choralari ko‘riladi.

 

O‘zA