FVV xabarnomasi: jazirama issiqdan qanday saqlanish kerak?

O‘zbekistonga 2018-yil 19-23-iyul kunlari xorijiy davlat (Eron)dan quruq va juda issiq havo Turkmaniston orqali kirib kelishi haqida avval xabar qilgandik.
Shu munosabat bilan, FVV Favqulodda vaziyatlarda boshqaruv markazi aholini issiq ob-havodan saqlanish borasida tavsiyalarini berdi.
Jazirama issiqning xavfi shundaki, inson tana harorati 37,1 oSdan ko‘tarilishi, yoki tana haroratining 38,8 Sga ko‘tarilib, inson salomatligiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Inson tana haroratining ko‘tarilishi tananing qizarishiga va kuchli chanqoqqa olib keladi. Keyinchalik xushdan ketish, nafas qisishi va yurak to‘xtashiga olib kelishi mumkin.
Jazirama issiqqa tayyorgarlik choralari
Suv zaxirasini yaratish uchun qo‘shimcha idishlarga suv to‘ldirib qo‘ying. Issiq kunga mo‘ljallangan kiyimlarni, elektr maishiy uskunalarni (ventilyator, konditsioner) tayyorlang. Agar siz qishloq joylarda istiqomat qilsangiz, soyabon, shiyponlar, quduqlardan, shuningdek, derazalar uchun qalin pardalardan, shuningdek, ichimlik suvidan unumli foydalaning.
Jazirama issiq haroratdan ta’siridan saqlaning. Och rangdagi, havo o‘tkazuvchi (iloji bo‘lsa paxta xomashyosidan) kiyim va bosh kiyimlardan foydalaning.
Yodda tutinki, kuygan tana qismi sovimaydi va terlamaydi. Shoshmasdan harakatlaning, iloji boricha soya joylarda bo‘lishga harakat qiling. Pivo va boshqa alkogol mahsulotlarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi, bu organizmning umumiy holatiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Issiq kunda shifokorlar bilan maslahatlashgan holda, qo‘shimcha tuzli mahsulotlar va meva, sabzavotlardan iste’mol qiling.
Jazirama issiq natijasida oftob urganda zudlik bilan soya joylarda saqlaning, tezlikda dush qabul qiling yoki shamol bor joyga o‘ting va asta-sekinlik bilan ko‘proq suv iste’mol qiling. Oftob urushidan saqlanish maqsadida iloji boricha badaningizni sovutishga harakat qiling.
Jazirama issiq kunda yong‘in xavfi kelib chiqishi mumkinligini yodda tuting.
Issiq kunda nima qilish kerak?
Ko‘proq suv ichish. To‘g‘ri suv ichish tartibi organizm faoliyatini yaxshi ishlashi va suv-tuz balansini me’yorlashtirishiga qulay sharoitlar tug‘diradi. Issiq kunda suv iste’mol hajmini ko‘paytirish kerak. Bunda organizmning suv tanqisligini to‘ldirish uchun gazlangan yoki nektar suv emas, aksincha oddiy ichimlik suvini iste’mol qilish kerak. Surunkali kasalligi mavjud bo‘lsa, shifokor tavsiyasiga rioya qilish kerak.
Eng issiq paytda – 12:00 dan 16:00 gacha ko‘chaga chiqmaslik va ayniqsa, quyosh tagida yurmaslikka harakat qiling. Kuningizni shunday rejalashtiring-ki, bu vaqtda yoki ishda, yoki uyda bo‘ling.
Ko‘proq dush qabul qiling. Muntazam ravishda tozalanish badanga effektiv nafas olishga yordam beradi. Suv xona haroratiday bo‘lishi kerak. Muzdek suv bilan yuvinish esa tana harorati keskin o‘zgarishi natijasida pnevmoniya kasalligiga olib keladi.
Albatta, ochiq suv havzalarda cho‘milish mumkin, ammo cho‘milish ta’qiqlangan havzalarda cho‘milish qat’iyan man etiladi.
Ertalab va kechqurun ko‘proq harakat qiling. Bunday issiq kunda kamharakatlik gipertoniya, yurak-tomir kasalliklari va tromboz rivojlanishiga olib keladi.
Oziqlanish ratsionini o‘zgartiring. Issiq kunda ko‘proq sovuq taomlar iste’mol qiling. Yog‘li sut va go‘sht mahsulotlar iste’mol qilmang, ammo baliq va sabzavot mahsulotlaridan voz kechmang. Rastalarda quyosh nuri tushib turgan hamda iste’molga yaroqli muddati o‘tgan mahsulotlarni sotib olmaslik kerak.
Albatta, taomlarni tuz bilan tanovul qiling chunki yuqori haroratda, tananing terlashi natijasida ko‘p miqdorda natriy moddasi yo‘qotiladi.
Sintetik matodan tayyorlangan kiyimlar kiymaslikka harakat qiling.
Kepka, shlyapa yoki panamalar kiyishdan uyalmang. Chunki oftob o‘rishi asosan bosh qiziganda sodir bo‘ladi.
Bunday issiq kunda, konditsionersiz iloji yo‘q. Ammo kuni bo‘yi konditsioneri bor bo‘lgan xonada bo‘lsangiz ham, shunday joylashing-ki undan chiqayotgan sovuq havo to‘g‘ridan-to‘g‘ri sizga ta’sir qilmasin.

 

O‘zA