Poytaxt hokimligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentdan oqib o‘tadigan kanallar va ularning qirg‘oq atrofi toza, ozoda maskanga aylanib bormoqda.

Hududlardan tonnalab chiqindi va axlatlar chiqarib tashlandi. Ular asosan inson omili sabab yig‘ilib qolgan maishiy chiqindilar: eski g‘ildiraklar, oziq-ovqatlar, idishlar va hokazo. Afsuski, ko‘pchilik hamshaharlarimiz chiqindilarni shundoqqina suv bo‘yiga uloqtirib ketavergan. Oqibatda yillar davomida ular katta uyumlarga aylanib qolgan.

Ichki ishlar organlari tashabbusi bilan olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari natijasida bunday manzaralar bosqichma-bosqich kamayib bormoqda. Bunga Bo‘rijar va Nayman kanali yaqqol misol bo‘la oladi.

Nayman kanalining Sergeli tumani Daryobo‘yi mahallasidan oqib o‘tuvchi hududi bugun umuman yangi qiyofa aks etgan. Yaqin-yaqingacha bu yerlarga oyoq bosib bo‘lmasdi. Bir oy davomida tegishli soha vakillari tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida oqar suv atrofi tozalanib, chiqindilardan xoli hududga aylantirildi.

Shuningdek, Bo‘rijar kanalida ham keng ko‘lamli obodonlashtirish va tozalash ishlari olib borilmoqda. Tegishli tashkilotlar va tuman hokimligi xodimlari maxsus texnikalar yordamida kanal bo‘yini o‘rab olgan chiqindilar, yovvoyi o‘tlardan tozaladi. Bundan tashqari, kanal sohillarigaturli manzarali ko‘chatlar o‘tqazilib, bu yerda odamlar sayr qiladigan ko‘rkam mackan barpo qilish ko‘zda tutilmoqda.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA