Nukusda ham mahobatli bayroqlar o‘rnatiladi

Poytaxt aholisi va mehmonlari uchun sevimli maydonga aylangan “Xalqlar do‘stligi” saroyi hududida mahobatli Davlat bayrog‘i o‘rnatilgani haqida xabar bergan edik.

Yana bir ana shunday xayrli ish Nukus shahrida amalga oshiriladi. Mamlakatimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami oldidan Nukus shahrida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat bayroqlari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Bayroqlar o‘rnatiladigan joyga tamal toshi qo‘yildi.

6.jpg

Balandligi 55 metr, hajmi 9 metrga 6 metrga teng bo‘lgan mazkur flagshtok Nukusdagi eng fayzli maskanlarning biri – Ajiniyoz shoir esdaligi qoshida qad rostlaydi.

Qurilish ishlari Nukusdagi “Uy-joy qurilishi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan olib borilmoqda. Ushbu ishlar mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Flagshtok o‘rnatilishi bilan u Nukusdagi eng baland bo‘yli ikkinchi obyektga aylanadi. Birinchi o‘rinni esa 150 metr balandlik bilan Nukus teleminorasi saqlab qoladi.

Xabaringiz bor, yurtimizdagi eng baland flagshtok (65 metr) Toshkentdagi “Xalqlar do‘stligi” maydoniga o‘rnatildi.

 

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat) O‘zA