Tadbirkor Navro‘z Qarshiyev mors tayyorlash sirini oshkor qildi

Yozning issiq kunlarida salqin ichimliklarga talab ortadi. Shaharlarda, odamlar gavjum joylarda shunday ichimliklarning, ayniqsa, mors va kvasning xaridori ko‘payadi. Bu ichimliklar qanday tayyorlanayotgani, sotilayotgan vaqtda sanitariya-gigiyena qoidalariga qay darajada amal qilinishi odatda tashna xaridorni ko‘p ham qiziqtirmaydi. 
Xo‘sh, bu ichimliklar qanday tayyorlanadi? Bu haqda tadbirkor Navro‘z Qarshiyev so‘zlab berdi:
– Mors – yozning issiq kunlarida jonga rohat beruvchi salqin ichimliklardan hisoblanadi. Uni tayyorlashning o‘ziga xos sirlari, mashaqqati bor. Bozorlarda maxsus mors tayyorlaydigan kukun (biz uni essensiya deymiz)lar sotishadi. Bu kukunlar 4 xil bo‘lib, har birining o‘z xususiyati bor: biri rang, biri ta’m, biri hid, yana biri ichimlikning uzoqroq vaqt saqlab turishga yordam beradi. Avval uch litr qaynoq suvga o‘sha to‘rt turdagi kukunni qo‘shib qaynatamiz, so‘ngra tabiiy va muzdek buloq suvidan 200 litr qo‘shib maxsus moslama yordamida aralashtiriladi. Keyin unga ballonda olib kelingan uglekislota solinadi. Uglekislota aylanib turuvchi parrak yordamida asta-sekinlik bilan qo‘shiladi. Mors tayyor holatga kelgach, maxsus bochkalarga quyilib, xalq uchun jo‘natiladi. Mors saqlovchi idishlarimiz ichiga konditsionero‘rnatilgan bo‘lib, ichimlikni muzdek va uzoq vaqt saqlashga xizmat qiladi.

 

Vasila Habibullayeva, O‘zA