ONLAYN: O‘zbekiston Ommaviy kommunikatsiya va jurnalistika universitetida ijodiy imtihon boshlandi

O‘zbekiston Ommaviy kommunikatsiya va jurnalistika universitetida ilk ijodiy imtihon (suhbat) boshlandi. Ijodiy imtihonda mamlakatimizning taniqli jurnalistlari abituriyentlarni sinovdan o‘tkazishmoqda. Xususan, ular orasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi mas’ullari, shuningdek, Lola Islomova, Muhammadjon Obidov, Ahmadjon Meliboyev, Mirzakarim To‘xtamirzayev kabi taniqli jurnalistlar bor. Har bir yo‘nalish bo‘yicha (Teleradio, bosma ommaviy axborot vositalari, internet, sport) mutaxassislar jalb etilgan.
photo5364329404865554592.jpg
Bir abituriyentdan 3 nafar mutaxassis imtihon olmoqda. Universitet o‘qituvchilarini esa imtihon oluvchilar safida uchratmaysiz. Auditoriyalarga kameralar o‘rnatilgan bo‘lib, tashqarida ota-onalar imtihon jarayonini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borishmoqda. Abituriyentlar hayajon bilan suhbat imtihoniga o‘z navbatlarini kutmoqdalar. Bo‘lajak yosh jurnalistlarning nigohida o‘ziga bo‘lgan ishonchni sezish mumkin.
“Jurnalist bo‘laman“ deb bel bog‘lagan abituriyentlarni yana yozma ijodiy imtihon va test sinovlari kutmoqda. Imtihon yakunida jurnalistlarning abituriyentlar haqidagi fikrlarini taqdim etamiz. Bizni kuzatishda davom eting.

 

Anora Sodiqova, O‘zA