Toshkentda “Siyosiy tizimni demokratlashtirish va modernizatsiya qilish sharoitida qonun ijodkorligi va parlament nazorati: O‘zbekiston tajribasi” mavzuida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda senatorlar, deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari mutasaddilari, ekspertlar guruhi ishtirok etdi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari Svetlana Ortiqova, Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Sarvar Otamurodov, Yaponiya davlat tashqi ishlar vaziri Kadzuyuki Nakane, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor, BMT Bolalar jamg‘armasining (YUNISЕF) mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann va Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Tomas Kunse so‘zga chiqdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilish Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishi sifatida qayd etiladi. Xususan, unda mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etishda, ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda Oliy Majlis vakolatlarini yanada kengaytirish orqali qabul qilinayotgan qonunlarning ijtimoiy, siyosiy, sotsial-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari jarayoniga ta’sirini kuchaytirish ko‘zda tutiladi.

Tadbir doirasidagi yig‘ilishlarda qonunlarni ishlab chiqishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini oshirish, demokratik tamoyillarga asoslangan qonun ijodkorligi tizimini takomillashtirish, mazkur jarayonlarda zamonaviy tendensiyalar, parlament bilan OAV o‘rtasidagi hamkorlik masalalari milliy va xorijiy ekspertlar tomonidan keng muhokama qilindi.

Mamlakatimizda parlamentni izchil, uzluksiz va tadrijiy rivojlantirish, uning davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi rolini oshirishning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan. O‘tgan yillar mobaynida samarali va ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirishga yo‘naltirilgan 10 dan ziyod qonun qabul qilindi. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirishda ustuvor ahamiyat kasb etgan Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Uchrashuvda, shuningdek, qonun ijodkorligi va uning dolzarb masalalari, parlament nazoratining shakllari, uni amalga oshirishda siyosiy partiyalarning o‘rni haqida so‘z yuritildi.

– Bugungi kunda mamlakatimizda qonun ijodkorligini demokratlashtirish jarayoni kechmoqda, – dedi Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, deputat Rahim Hakimov. – “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida “Mening fikrim” veb-portalining ishga tushirilgani fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga xizmat qilayotir. Muloqotda islohotlarning o‘z vaqtida sifatli amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etadigan ta’sirchan parlament nazoratini ta’minlash borasidagi milliy va xalqaro tajriba yuzasidan o‘zaro fikr almashdik.

Davra suhbatida xorijiy ekspertlar tomonidan AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Janubiy Koreya kabi davlatlarda qonun ijodkorligining zamonaviy usul va tamoyillari, parlament nazorati amaliyotining qiyosiy tahlili, davlat boshqaruvi tizimida siyosiy partiyalarning o‘rni to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi.

– O‘zbekiston boy davlatchilik tarixiga ega mamlakat, – dedi Yaponiya davlat tashqi ishlar vaziri Kadzuyuki Nakane. – Bugun mamlakatingizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar ham buyuk kelajak qurish yo‘lidagi sa’y-harakatdir. 25 yillik tarixga ega Yaponiya – O‘zbekiston munosabatlari strategik sheriklikka asoslanadi. Biz bu kabi islohotlarni yuksak baholagan holda mamlakatlarimiz parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish tarafdorimiz. Bugungi tadbirdagi ishtirokimiz esa bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘lib qoladi.

Tadbir yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan mamlakatimizda qonun ijodkorligi, parlament nazoratini yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

Malohat Husanova, O‘zA