Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyaga ishga jo‘natgan yurtdoshlarimiz huquqlarini nega himoya qilmadi?

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘zi xorijga ishga jo‘natgan 62 nafar O‘zbekiston fuqarosining huquqlarini himoya qilmadi.
Aksincha, ularni aldab ishga jo‘natib, qarzdor qilib qaytardi.
HISOBOT HAQIQATGA ZID
Mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi joriy yilning 25 iyun – 2 iyul kunlari Namangan viloyatining Norin tumanida faoliyat olib bordi. Bir hafta mobaynida 57 mahalladagi 25650 xonadonga kirildi. Natijada 5400 dan ortiq muammo aniqlanib, ularning qariyb 60 foizi o‘rnida hal etildi.
Ko‘p joyda bo‘lgani kabi ishsizlik Norindagi eng katta muammolardan biri. Tumanda 106 ming nafar mehnatga layoqatli aholi bo‘lib, hisobotlarda ulardan 4377 nafari ishsiz ekani qayd etilgan. Biroq qaysi xonadonga kirmang, ikki-yoki uch nafar ishsizga duch kelasiz. Demak, asl holat boshqacha. Keltirilgan rasmiy ma’lumot to‘g‘ri emas.
Norinning iqtisodiy ko‘rsatkichlari viloyat darajasidan ancha past. “Norin paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyati tumandagi yagona yirik ishlab chiqarish korxonasi hisoblanadi. Aholining katta qismi, asosan ayollar, yollanma ishchi sifatida fermer xo‘jaliklari, xususiy yer egalari dalalarida mehnat qilib, kuniga o‘rtacha 15-20 ming so‘mdan pul oladi. Ishsizlikning eng samarali yechimi sanalgan tadbirkorlikni rivojlantirish, oilaviy biznesga keng imkon va sharoit yaratib berish borasida ham talay muammolar mavjud.
Masalan o‘tgan davrda tumanda 70 ta kichik biznes subyekti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, yil boshidan buyon ularning 27 tasi tugatilgan. Hisobot davridagi 6 million dollarlik eksport rejasi atigi 31 foizga bajarilgan. Tumanda yuzlab bo‘sh turgan binolar va obyektlarbo‘la turib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirganlar joy muammosiga duch kelmoqda.
Valijon Bakirov xonadonidagi suhbat salom-alik, hol-ahvol, qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejini bitirgan o‘g‘lining ishsizligi, gaz ballon ololmayotgani, Nizomiy ko‘chasini asfaltlash haqidagi gap-so‘zlar bilan tugashi mumkin edi. Biroq bir chetda qimtinib turgan Odina opa Bakirovaning ham qandaydir “dardi” bordek tuyuldi bizga.
— Buni aytishim to‘g‘rimi-yo‘qmi, bilmayman, – dedi Odina opa ohista gap boshlar ekan. – Kimningdir ustidan shikoyat qilmoqchi emasman. Lekin Prezidentimiz topshirig‘i bilan yurgan ekansizlar, davlat tashkilotiga ishonib, og‘ir kunlarni, ruhiy qiyinchiliklarni boshdan kechirganimizni bilib qo‘yishlaringiz kerak, deb o‘ylayman.
U “hozir”, dedi-da ichkariga kirib, bir dasta qog‘oz ko‘tarib chiqdi: shartnomalar, sertifikatlar, yo‘llanmalar, tibbiy ma’lumotnomalar, sug‘urta polyusi, kvitansiyalar, temir yo‘l chiptalari… O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga taalluqli bu hujjatlarga ko‘z yugurtirib, opa bilan bafurja gaplashishimiz kerakligini tushundik. Kechga tomon Norin tumani hokimiyati binosida joylashgan 5-Ishchi guruh shtabida uchrashdik.
 
“BIZGA BЕRILGAN VA’DALAR YOLG‘ON EKAN”
Shu yilning 5 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev chiqish qilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning aprelida Rossiya Federatsiyasiga Davlat tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida “O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatlarini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan tartibda tanlab olish va ishga joylashtirish bo‘yicha Hukumatlararo Bitim” imzolangani va har ikki davlat tomonidan ratifikatsiya qilinganini ta’kidladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali 2017 yilda 922 nafar, 2018 yilning 5 oyi davomida esa 380 nafarfuqaro Rossiyada ishga va 12,5 mingga yaqin nafar fuqaroga agentlik, uning hududiy filiallari hamda mehnat organlari tomonidan maslahat berish, ro‘yxatga olish hamda imtiyozli chiptalar berilishi orqali Rossiyada mehnat faoliyatini olib borishiga ko‘maklashilgan.
– Namangan viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari boshqarmasi tavsiyasiga ko‘ra 2017 yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qildim, – deydi Odina Bakirova. – O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi Bitimga muvofiq bizga Sankt-Peterburg shahrida joylashgan “Grifon Presonal” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ish taklif qilindi. MCHJ bosh direktori Tatyana Nikolayevna Xorlamova boshchiligidagi mutaxassislar barchamizni imtihondan o‘tkazdi. Ko‘zda tutilganto‘lovlarni to‘ladik. Tibbiy tekshiruvlardan o‘tdik. Qisqa muddatli bo‘lsa-da, o‘qitishdi.
“Grifon Presonal” Bosh direktori T.N.Xorlamova bilan imzolangan shartnomaga ko‘ra Baxriddinova Odinaxon Pattayevna tikuvchi vazifasiga ishga olingan. U ish joyiga, ya’ni Barnaul shahri, Kulagina ko‘chasi, 8-uyda joylashgan fabrikaga 2017 yilning 1 avgust kuni yetib borishi kerak edi. Shartnomaning 5-bandida, tarif stavkasiga muvofiq, ishchiga soatiga 125 rubl haq to‘lanishi shuningdek, o‘rnatilgan tartibda mukofot pullari berilishi nazarda tutilgan. Qat’iy o‘n bir soatlik ish kuni belgilangan va ishchi haftaning shanba-yakshanba kunlari dam olish huquqiga ega ekani qayd etilgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi ishga jalb qilish bo‘yicha tarqatgan e’lonida talbgorlar temir yo‘l chiptalarini imtiyozli narxlarda sotib olishlari mumkinligi aytilgan bo‘lsa-da, Odina Bakirova Toshkent-Barnaul poyezdiga chiptani 770 164 so‘mga – to‘liq narxda sotib olib, 2017 yilning 14 iyul kuni yo‘lga chiqadi va 17 iyul kuni ish joyiga yetib boradi.
– Ketishimizdan avval bizga Rossiyadagi yashash joyimizning video tasvirlarini ko‘rsatishdi. To‘rt kishilik shinam xona, barcha qulayliklarga ega hammom, oshxonani ko‘rib, ochig‘i quvonib ketdim, – deydi Odina opa. – 800-1000 dollar atrofida oylik beramiz, kuniga o‘n bir soat ishlab, shanba-yakshanba kunlari dam olasizlar, ish joyingizga avtobusda eltib qo‘yamiz, deyishdi. Hech bo‘lmasa 500 dollardan berishsa ham bir oyda olgan qarzimdan qutulaman, deb o‘yladim. Ammo yetib borganimizdan keyin bizga va’da qilingan narsalarningbarchasi yolg‘on ekani oydinlashdi.
Bizni tashlandiq bir bolalar bog‘chasiga joylashtirishdi. Ochig‘i, Norindayam bunaqa xarob joy bo‘lmasa kerak. Eshik-derazasi yo‘q, suvoqlari ko‘chib ketgan, tomidan chakka o‘taverib shiftlari mog‘orlagan binoga 62 nafar kishi kirdigu videoda ko‘rganlarimiz sarob ekanini tushundik. Ayni yozning chillasida ketgan bo‘lsak-da, Barnaul ancha salqin joy ekan. Ustiga-ustak kun ora yomg‘ir yog‘adi. Ish boshlagunimizcha bir oy vaqt o‘tdi. Yashash joyimizni o‘zimiz bir amallab epaqaga keltirdik. Namanganda, Toshkentda, Barnaulda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan edik. Hamma ma’lumotnomalarda “Sog‘lom”deb xulosa berishgan. Biroq zax yerda yotaverib, ish boshlanmasidan ko‘pchilik kasal bo‘lib qoldi.
Bular hali holva ekan, asosiy qiyinchiliklar keyin boshlandi. Shartnomada 11 soatlik – 7.00 dan – 20.00 gacha ish vaqti ko‘rsatilganiga qaramay, kech soat 23.00 gacha ishladik. “Normani bajara olmayapsizlar”, deb shanba-yakshanba kunlari ham dam berishmadi. Soat 13.00 dan 14.00 gacha tushlik. O‘zingiz o‘ylang, odam 6 soat och-nahor ishashi mumkinmi?
KO‘PCHILIKNING BOSHIDAGI KO‘RGULIK
Odina opa bergan telefon raqamlari orqali u bilan birga ishlagan boshqa yurtdoshlarimizni ham topib, ular bilan ham suhbatlashdik.
Oltinoy Karimova – Andijon viloyati, Andijon tumani, “To‘qqizbog‘”MFY, Hakan qishlog‘ida istiqomat qiladi. 1978 yilda tug‘ilgan. Oilali, ikki nafar farzandi bor:
– Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan Jasur degan yigit, familiyasi esimda yo‘q, bizga bosh bo‘lib borgan edi. Sharoitni bildi, to‘g‘irlaymiz, dedi, lekin hech narsa o‘zgarmadi. Uning o‘zini qaytib ko‘rmadik ham. Yotoq joyimiz bilan fabrika orasi ikki kilometrlik yo‘l. Har kuni yayov borib-kelamiz. Kechki 23.00 da ishxonadan chiqsak, yetib kelgunimizcha bir soat vaqt o‘tadi. 62 kishiga bitta gaz plitasi. Ovqat qilishimiz kerak. Urush-janjalni tasavvur qilavering endi. Ertalab 7.00 da yetib borishimiz uchun yana vaqtli turishimiz kerak. Yarim kechasi, och-nahor kelgan bo‘lsak, yana ishga o‘z vaqtida yetib borish uchun barvaqt turishimiz lozim bo‘lsa, qachon dam olamiz?
Ish boshlaganimizga bir oy bo‘lmasidan o‘n kishini malakalaring talabga javob bermaydi, deb ishdan bo‘shatib yuborishdi. Vaholanki, hammamiz imtihondan o‘tib borgan edik.
Davlat buyurtmasi asosida uniformalar tikkanmiz. Biz bilan ishlaydigan mahalliy ayollar ikki kun ishlab, ikki kun dam olardi. Ortiq tiksak tikdikki, ulardan kam mahsulot tikkanimiz yo‘q. Lekin korxona ma’muriyati bizni normani bajarolmaslikda ayblagani ayblagan edi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Odina Bakirova o‘rtasida tuzilgan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini chet davlatlarda ish bilan ta’minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida”gi shartnomaning “Rossiya Fedaratsiyasida mehnat qilish shartlari” bo‘limining 4.5-bandida“Fuqaroning Rossiya federatsiyasida mehnat qilish davridagi ish vaqti Rossiya federatsiyasining mehnat qonunlari bilan belgilanganish vaqti davomiyligidan ortiq bo‘lmasligi lozim. Hafta davomidagi ish vaqti ish beruvchi va fuqaro o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi asosida belgilanadi”, deb ko‘rsatilgan.
4.6-bandda esa “Fuqaroni ish vaqtining normal muddatidan tashqari ishlarga jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyiladi.
QARZ OLIB KЕTGAN EDIM, QARZ OLIB QAYTIB KЕLDIM
Jo‘raqulov Siroj – Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani, Hamid Olimjon MFY, Toqichilik qishlog‘ida yashaydi. 1995 yilda tug‘ilgan. Tumandagi iqtisodiyot kasb-hunar kollejini bitirgan:
–Shartnomada bizni shogird (uchenik) deb ko‘rsatishgan. Uch oylik sinov davrida sharoitga ko‘nikishimiz, ish o‘rganishimiz lozim edi. Biz sharoitga ko‘nikish o‘rniga o‘zimiz uchun sharoit yaratish bilan shug‘ullandik. Korxona dastlabki kundan bizga “master” talabini qo‘ydi. Norma kundan-kunga oshirilaverdi. Biz bilan borgan hamyurtlarimiz orasida yoshi katta ayollar ham bor edi. Ayniqsa, ular juda qiynaldi. Charchoq, uyqusizlik, to‘yib ovqatlanmaslik hammamizni holdan toydirdi. Qirq ikki kun ishladik. Turli bahonalar bilan 7 ming rubl atrofida pul berishdi, xolos. Ko‘pchilik ish joyini tashlab chiqib ketdi. Biz O‘zbekistonga qaytdik.
Qarz olib ketgan edim, qarz olib qaytib keldim. Ota-onamning, qishloqdoshlarimning oldida uyatdan boshim ham.
Mansurova Adiba – Sirojning onasi, 2-guruh nogironi:
– O‘g‘lim davlat tomonidan ishga yuborilyapti-ku, deb xotirjam bo‘libman. Hayotimiz yaxshi tomonga o‘zgaradi, deb ishonibman. Shuning uchun ikkilanmay 3 million so‘m qarz ko‘targandik. U esa yana qarzga botib, zo‘rg‘a qaytib keldi. Topganimiz qarz to‘lashga ketyapti. Ularni ishga jo‘natganlardan birortasi nega qaytib kelding, u yoqda holing nima kechdi, deb so‘ramadi.
P/S: Odina Bakirova: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining www.migration.uz rasmiy saytida Rossiya federatsiyasining Rostov, Tula, Kursk viloyatlaridagi tikuvchilik korxonalariga ishga jo‘natish bo‘yicha e’lon joylashtirilgan. O‘sha – bizga va’da qilingan 20 ming rubldan 40 ming rublgacha ish haqi, 11 soatlik ish kuni va boshqa ijtimoiy paketlar haqidagi ma’lumotlarni o‘qib, ishqilib va’dalari yolg‘on bo‘lib chiqmasin-da, ayol boshi bilan musofirlikni bo‘yniga olgan opa-singillarimning haq-huquqlari paymol bo‘lmasinda, deya iltijo qilaman har doim.

 

Vohid LUQMON, O‘zA