d55dc77dee05853246107551ef1ee6880426.jpg

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Turkiya Qurolli Kuchlari ichida in qurgan Fathullahchi terror tashkiloti (FЕTO) a’zolari 2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada qonli davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringan edi.

Bu urinish Anqara va Istanbulda bir vaqtda boshlangan, Istanbulda Bo‘g‘ozichi va Fatih Sulton Mehmet ko‘priklari, Otaturk nomidagi xalqaro aeroport va Istanbul ichki ishlar bosh boshqarmasi binolari terrorist to‘ntaruvchilar tomonidan qisqa vaqtga bo‘lsa-da, qo‘lga olingan, ichki ishlar va milliy xavfsizlik idoralariga tegishli ba’zi binolarga samolyot va vertolyotlar bilan hujum uyushtirilgan edi.

Turkiya Respublikasi tarixida ilk marotaba Prezident Apparati, Bosh vazir devoni va Turkiya Parlamenti binosi terroristlar to‘dasi a’zosi bo‘lgan uchuvchilar tomonidan bombardimon qilingan edi.

Davlat to‘ntarishiga urinish harakatlari boshlangandan biroz muddatdan so‘ng televizion kanallardan jonli efirda xalqqa da’vat bilan chiqish qilgan Prezidentimiz Erdo‘g‘on bu davlat to‘ntarishiga urinishning Turkiya Qurolli Kuchlari ichiga sizib kirgan terroristik tashkilot a’zolaridan tashkil topgan bir hovuch xoinlarning ishi ekanligini aytgan. Turk xalqiga o‘z demokratiyasi va milliy irodasini himoya qilish uchun ko‘chalarga chiqib terroristik to‘ntarishga qarshi oyoqqa turishga chaqirgan edi. Bu da’vatga javoban Turkiyaning barcha viloyat va shaharlarida yuz minglab aholi to‘ntarish harakatlariga to‘sqinlik qilish uchun ko‘chalarga chiqdi.

tuntarish1.jpg

O‘sha kecha sodir bo‘lgan voqealar Turk armiyasi ichiga uzoq yillar olib borgan yashirin va makkorlarcha harakatlari bilan sizib kirgan, o‘zini “koinot imomi” sifatida ko‘ruvchi devona odamga mute’ bo‘lgan xoinlarning Turkiya davlatiga qarshi hujumi edi. Ular millat armiyasining yana millatga tegishli qurollarini qo‘lga kiritib, millatning yuragiga xanjar kabi sanchgan sotqinlar edi. O‘z millat parlamentini bombardimon qilgan, qurolsiz fuqarolarning ustiga tanklar bilan bostirgan, urush samolyotlari va vertolyotlaridan o‘qqa tutgan terrorist to‘ntaruvchilar bu xoinlikka qarshi oyoqqa turgan, Respublikasi va demokratiyasini himoya qilgan 251 fuqaromizning jonini oldi, 2000 dan ortiq fuqaromizni jarohatladi.

Turk xalqi o‘sha kecha juda qiyin sharoitlarda, bahamjihatlik ko‘rsatib to‘ntaruvga qarshi turdi, o‘zlarining umumiy demokratik ideali atrofida jipslashib, bir doston bitdi. 15 iyul sanasi Turkiya Respublikasining va Turk millatining tarixida demokratiya g‘alaba qilgan kun sifatida o‘rin oldi.

Ortga qaraganimizda, bu alamli voqeadan keyin turk millati uchun bir g‘urur sababi yuzaga kelganini ko‘ramiz. Bu g‘urur — Turk xalqining milliy irodasini va demokratiyasini saqlab qolish yo‘lidagi jasorati va qat’iyligiga asoslanadi. Turkiya parlamenti darhol majlis chaqirib, to‘ntaruv urinishi bostirilguniga qadar o‘z vazifasini bajardi, jamiyatning va siyosiy irodaning har bir tabaqasiga mansub bo‘lgan fuqarolarimiz xoinlarga qarshi ko‘chalarga chiqdi, televizion kanallarimiz to‘ntaruvchilarning tahdidlariga, bosqinlariga qaramay efirda qolishda davom etishdi. Turk millati butun dunyoga demokratiyani himoya qilganini va himoya qilajagini namoyish etdi. Turkiyaga qurolli to‘dalar emas, faqatgina demokratik yo‘llardan saylangan hukumatlar va milliy iroda hokim bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘ydi.

1026721746.jpg

Turkiya Respublikasi davlati aslida Fathullah Gulenning haqiqiy yuzini 15 iyuldan avval anglagan va harakatga tushgan edi. Bu tuzilmaning davlat ichidagi malaylarini fosh qilish uchun g‘ayrat ko‘rsatayotgan edi. Bu tadqiqotlarda muhim ko‘rsatkichlarga ham erishilgan edi. Biroq 15 iyuldagi davlat to‘ntaruviga urinish hodisasi qarshimizdagi xavfning taxmin etganimizdan ancha katta ekanligini, juda chuqur va real ekanligini og‘riqli tarzda namoyon etdi.

Turk millati 15 iyul kechasi demokratiyaning osonlik bilan qozonilmasligini, lekin uning yo‘lida jondan ham kechiladigan bebaho bir ne’mat ekanligini butun jahonga namoyish etdi. Turkiya 15 iyul voqealaridan keyingi o‘tgan ikki yil davomida ma’muriy, jinoiy va huquqiy tekshiruvlar olib bordi. Turkiya adliya organlari davlat to‘ntaruvini ishlab chiqqan va amalga oshirgan bu tuzilma haqida juda katta faktlarni aniqladi. Ko‘rilgan tadbirlar bilan bu to‘daning Turkiyadagi uyasi yo‘q qilindi. Biroq bu xavf Turkiya bilan chegaralanib qolmagan.

Tashkilotning ko‘pgina davlatlarda Turkiyadagiga o‘xshagan tuzilmalari mavjud. Ular hozirda boshqa davlatlarning ichida xiyonat urug‘larini ekishda davom etmoqda. Tirik qolish uchun bu safar yanada faol tarzda global miqyosda iqtisodiy va siyosiy obro‘ orttirish payiga tushganlar. Turkiya barcha do‘st davlatlarni yashirin va ayyorona harakat qilayotgan bu xavfli terroristik tashkilot to‘g‘risida har fursatda ogohlantirmoqda.

AHMED BASHAR SHEN,
Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi