AES – sivilizatsion taraqqiyot belgisi

Ekologik toza va zararsiz energiya – xalqimiz turmush farovonligiga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda 85 foiz elektr energiyasi gaz, ko‘mir va mazut kabi ugdevodorodlarni yoqish hisobiga issiqlik elektr stansiyalaridan olinadi. Qolgan qismi esa gidroelektr stansiyalar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Zero, tabiiy gazni elektr energiya uchun yoqib yuborgandan ko‘ra, uni sanoatda xomashyo sifatida ishlatish yoki chet mamlakatlarga eksport qilish mamlakatga foyda keltirgan bo‘lar edi. Misol uchun, Birlashgan Arab Amirliklari boy neft zaxirasiga ega bo‘lishiga qaramay, 4 atom elektr stansiyasi qurishni rejalashtirgan.
Prezidentning 2017-yil 2-maydagi “2017-2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yangi gidroelektrostansiyalar qurish va mavjudlarini texnik qayta jihozlash orqali 2025 yilga kelib, 2016 yil hisobidan gidroenergiyani 1,7 barobar oshirish mo‘ljallangan. Lekin gidroenergiyaning umumiy energetikadagi ulushi ko‘p emasligi hamda O‘zbekiston suv havzalarining mavsumiy o‘zgarib turishini inobatga olsak, qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar mamlakatimiz energetikasi muammosini faqat qisman hal etishi mumkin.
Aholining elektr energiyasiga ehtiyoji kun sayin oshib boryapti. Shuni inobatga olib aytish mumkinki, yurtimizda atom elektr stansiyasi (AES) qurish bu boradagi vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy 10-iyul kuni mamlakatimizda mutlaqo yangi soha bo‘lgan atom energetikasini barpo etish bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda davlatimiz rahbari shunday obyektlarni qurish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ish tutish, atom elektr stansiyasini joylashtirish bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqish va geologik-qidiruv ishlarini sifatli bajarish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Ma’lumki, atom elektr stansiyasi qurish va undan foydalanishda eng zamonaviy va murakkab texnologiyalar qo‘llaniladi. Buning uchun esa chuqur bilim va yuqori malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar kerak. Shu bois Toshkentda fizika sohasida dunyoda yetakchi ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan Moskva muhandislik-fizika instituti filialini ochish mo‘ljallanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining bu boradagi tutgan o‘rni juda katta ahamiyat kasb etadi. Yadro fizikasi instituti olimlari AES qurilishi loyihasining asosiy tashkilotchilaridan biridir. Shuningdek, AESni boshqarish, unga xizmat ko‘rsatish uchun minglab mutaxassislar tayyorlab berishga mas’ul muassasa hisoblanadi. Buning uchun kelgusida O‘zbekistonning bir qator oliy ta’lim dargohlarida yadro fizikasi kafedralarini ochish ustida ish olib borilmoqda.
Komil ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekistonda atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi mamlakatni iqtisodiy, ijtimoiy hamda siyosiy jihatdan yuksaltiradi.
S.Egamov,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Yadro fizikasi instituti
ilmiy kotibi, fizika-matematika
fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim

 

O‘zA