Ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Farg‘onada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchiligidagi ushbu mamlakat delegatsiyasi bilan uchrashdi. Unda ikki davlat vazirlik va idoralari, iqtisodiy tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, bo‘lajak oliy darajadagi O‘zbekiston – Tojikiston uchrashuviga tayyorgarlikning borishi muhokama qilindi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga javob beradigan, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va izchil rivojlanishni ta’minlashda asosiy omil bo‘ladigan darajaga ko‘tarilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil mart oyida Tojikistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tardi. Unda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Keyingi paytlarda barcha sohalarda hamkorlik kengaymoqda. Joriy yilning birinchi yarmida o‘zaro savdo aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga o‘sgani bu boradagi ishlarning amaldagi ifodasidir.

Uchrashuvda ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishi va sog‘lom raqobat yuzaga kelishida yaqin qo‘shnichilik va transport qatnovining arzonligi muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda hamkorlikni yanada faollashtirish maqsadida ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish hamda ikki mamlakat hududida ishbilarmonlar faoliyati uchun maqbul sharoitlar yaratishga kelishib olindi.

Tomonlar mart oyida Dushanbeda imzolangan kelishuvlar va Prezidentimizning Tojikistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha imzolangan shartnomalar ijrosiga ham alohida e’tibor qaratdi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning mamlakatimizga tashrifi arafasida Toshkent shahrida “Tojikistonda ishlab chiqarilgan” milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston –Tojikiston biznes forumining o‘tkazilishi qo‘llab-quvvatlandi. Ijtimoiy-madaniy sohalardagi hamkorlik azaldan do‘st va yaqin qo‘shni bo‘lgan o‘zbek-tojik xalqlarining do‘stligini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash, amaliy va samarali natijadorlikni oshirish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘riladi.

Bosh vazirlar bo‘lajak oliy darajadagi O‘zbekiston – Tojikiston uchrashuvi o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishning yangi istiqbollarini ochishiga ishonch bildirdilar.

 

Ma’sudjon Sulaymonov, A’lo Abdullayev (surat) O‘zA